Urgut tumanining uchta mahallasida mobil bog‘chalar tashkil etiladi

Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan uzoq qishloq joylari, tog‘li tumanlar, borish qiyin bo‘lgan aholi punktlari uchun mo‘ljallangan mobil va modulli MTTlar taqdim etildi.

Viloyatimizda Urgut tumanidagi uchta mahallada mobil va modulli maktabgacha ta’lim tashkilotlari sinov tariqasida o‘z faoliyatini boshlaydi.

- Jo‘raptepa, Navbog‘, Murod qishloqlari tumanimizning eng chekka hududlarida joylashgan, - deydi tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mutaxassisi Odil Maxmatjonov. – Ushbu “Isuzu HC 40” avtobuslar bazasidagi mobil MTTlarda 3-7 yoshgacha bo‘lgan 16 nafar bola 3 soat davomida mashg‘ulotlar o‘tadi. Avtobuslar bolalarning ta’lim-tarbiya olishi uchun zamonaviy anjomlar bilan jihozlangan, quyosh batareyalari o‘rnatilgan. Mobilli MTT yonida bolalarning ochiq mashg‘ulotlar o‘tashi uchun o‘yin maydonlari tashkil etiladi. Hozirda tuman hokimligi qarori bilan yer ajratilib, mobil MTTlar uchun bolalar o‘yingohi qurilmoqda.

Ta’lim-tarbiya jarayoni ikki smenada tashkil etiladi. Mobil MTTlarda bolalar ovqatlantirilmasa-da, yengil tamaddini isitib olish imkoni yaratiladi. Mashg‘ulotlarning salmoqli qismi ochiq havoda o‘tkazilib, bolalar uchun maxsus shiyponli, to‘siqli, o‘rindiqli, o‘yin uychasi va qumxonali turargohchalar, tepalik va arg‘imchoqlar tashkil qilinadi.