Xo‘ja Ismoil mahallasi ahlining tinchini buzgan xatlardan kimning xabari bor?

Payariq tumani “Texnika madadkorimiz” MMTP hududidagi “Ortiqov Abdulla” fermer xo‘jaligining 640-konturida fuqaro Husan Eltoyev tomonidan 0,06 gektar yer, shundan 160 kvadrat metr maydonga qurilgan uy-joydan noqonuniy ravishda foydalanib kelinayotgani holati bo‘yicha bir necha marotaba ogohlantirishlarga qaramasdan buzmasdan kelmoqda.
Tuman hokimi imzosi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Payariq tumanlararo sudi raisi nomiga shu mazmundagi noqonuniy uy-joyni buzdirish to‘g‘risida da’vo arizasining bir nusxasi tahririyatimiz xodimi Husan Eltoyev qo‘liga kecha 12 fevral kuni kelib tushdi. Aslida bu mahalla hududida uning nomida hech qanday uy-joy bo‘lmagan. Bugun shu masalani o‘rganish uchun ijodiy guruhimiz bilan Payariq tumanidagi Xo‘ja Ismoil mahallasida bo‘ldik.
Biz bir masalaning yechimini topish uchun borib, ko‘plab muammolarga duch keldik. Mahallaning Xo‘ja Ismoil guzariga kiraverishda qo‘lida xuddi shu mazmundagi xatlar bilan dardini kimga aytishni bilmay to‘planib turgan 50 ga yaqin fuqaroni uchratdik.
- Guzarimizda 150 dan ziyod xonadon bo‘ladigan bo‘lsa, har bir xonadonga shu mazmundagi xat keldi, - deydi guzar oqsoqoli Rahim Mamasoliyev. – Guzarimiz yangi, 2017-2018 yillarda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmi maktabi bunyod etilishi va uning atrofidagi obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi hisobiga uylarimiz “snos”ga tushgach, shu yerga ko‘chirilganmiz. O‘sha vaqtda ham ko‘pgina fuqarolarning uylari ogohlantirishsiz buzilib, 8 oy (palatka) chaylalarda chang-to‘zonda kun kechirib, qiyinchiliklar bilan bugun yashab turgan uylarni qurganmiz. Bu xonadonlar ham tuman hokimligi tomonidan noqonuniy hisoblanib, fuqarolik sudiga jo‘natilgan xatning bir nusxasini qo‘lga olgan guzarimiz aholisining yana tinchi buzildi. Hamma xavotir va hadikda.
Guzar oqsoqolining gapini tinglab, avvalo, mahalla raisi, xalq deputatlari tuman kengashi deputati Farog‘at Asqarova bilan uchrashdik.
- To‘g‘risi, bu xatdan men ham bugun ertalab xabar topdim, - deydi F.Asqarova. – Endigina shu masalada tuman hokimligiga murojaat qilmoqchi bo‘lib turgandim. Bundan ikki oy avval o‘zini, viloyatdan “zemlyamer” Abdusaid Sattorovman, deb tanishtirgan mutaxassis shu uy-joylarni o‘rganib ketgandi. U bilan birga guzarni mas’ul kotibimiz birga aylangan. Mahalla kotibi bilishi mumkinu, ammo u ham hozir bu yerda emas. Tuman hokimligiga ketgandi.
Tuman hokimligi yer va uy-joy masalalari bo‘yicha mutasaddilari bilan telefon orqali bog‘lanib, masalaning yechimini topish zarurligini aytganimizda, mutaxassislar mahalla hududiga yetib keldi. O‘zlarini tuman hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassislari Ulug‘bek Quvvatov hamda Samandar O‘tashev, deb tanishtirgan mas’ullar ham na xatdan, na aholining tinchi buzilganligidan xabari borligini aytdi-yu ortiga qaytdi.
Shundan so‘ng biz tuman hokimining o‘rinbosari Otabek Abdullayev bilan telefon orqali bog‘landik. Tuman hokimi imzosi bilan chiqarilgan bu xatlardan uning ham xabari yo‘qligini aniqlik kiritib, qayta biz bilan bog‘lanishini aytdi.
Birozdan so‘ng qo‘ng‘iroq qilib, “Tushunmovchilik bo‘lgan, aslida xatlar har bir xonadonga emas, noqonuniy qurilgan 20-30 tacha uy egalari uchun chiqarilishi kerak edi. Texnik xato tufayli 150 dan ortiq xat chiqib ketgan, buning uchun xalqdan uzr so‘raymiz!”, dedi.
Ana xolos, 150 dan ortiq xat texnik xato tufayli chiqib ketib, ularga hokim imzo qo‘yadimi? Bu texnik xatoni sudga nima deb izohlashadi endi? Umuman, texnik xato sababini Xo‘ja Ismoil mahallasi ahliga kim, qachon tushuntirib beradi?
To‘lqin SIDDIQOV.