Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Deyl Karnegidan maslahat: irodali bo‘lishning 6 usuli

Ma’lumki, agar muvaffaqiyat qozona olmasak uyda yoki ishda ozgina muammolarga duch kelsak hayot tajribamiz bir oz pand bersa, darhol bizni tushkun kayfiyat o‘rab oladi. Tushkunlik esa hech vaqt bu noqulay vaziyatdan olib chiqolmaydi. O‘zimizni o‘nglab olishning yagona yo‘li irodali va kuchli mantiqiy tafakkurga ega bo‘lishdir.

1. Bugungi kun nafasi bilan yashang. O‘tmishda yo‘l qo‘ygan xatolaringizni, muammolaringizni bir muddat esdan chiqaring. Kelajagingiz bugun qo‘yadigan qadamingizga bog‘liqligini unutmang. Siz uchun har kuni yangi kun boshlanishi kerakligini his qiling. Chunki o‘z muammolaringiz haqida o‘ylab, qayg‘urganingiz bilan masala o‘z yechimini topmaydi, siz esa behuda tushkunlikka tushish bilan vaqtingiz, imkoniyatingizni boy berishingiz mumkin. Yaxshisi, o‘zingizga eng yoqimli, qiziqarli bo‘lgan mashg‘ulot bilan shug‘ullaning, ko‘nglingizga yaqin inson bilan suhbatlashing.

2. O‘zingizda ishonch hosil qiling. Ko‘pchilik o‘z-o‘ziga ishonmaslik oqibatida erkin qadam tashlashdan, yutqazgan narsalarini qaytadan boshlashdan voz kechadi. Ammo insondagi o‘ziga bo‘lgan ishonch hissi ko‘pincha uning maqsadga erishishiga sabab bo‘ladi. Shunday ekan, yutqazishdan cho‘chimang. Chunki hayot yutish va yutqazishdan iborat, siz qachondir yutqazgan narsalaringiz evaziga katta narsani yutib olishingiz mumkin.

3. Aslo asabiylashmang. Asabiylik insonning tiniq fikrlashiga to‘sqinlik qiladi, muammoni yanada chigallashtiradi. Asabni jilovlashning yagona yo‘li – asabni buzadigan holatlarga ahamiyat bermaslik.

4. Vaqtida ovqatlaning. Ba’zilar ish yoki shaxsiy muammolar ichida qolganda ishtahasiz bo‘lib, ovqatlanishni unutib qo‘yadilar. Bu bilan o‘z faoliyatlarini yanada susaytirayotganini bilmaydilar. O‘z vaqtida ovqatlanish organizmni mo‘’tadillashtiradi va harakatchan, faol bo‘lishiga, miya faoliyatini yaxshilashga yordam beradi.

5. Muammoga chetdan nazar tashlang. Masalan, siz uchun kattaroq va chigal hisoblangan muammo boshqalar uchun arzimas bo‘lishi mumkin. Muammolaringizga uzoqroqdan turib razm soling, xafa bo‘lishga qanchalar haqli ekaningizni o‘ylab ko‘ring. «Balki bundan ham qiyinroq vaziyatga tushib qolishim mumkin edi-ku», degan fikr bilan hozirgi ahvolingizga nisbatan sabrli va shukrli bo‘ling. Shunda sizni qiynagan muammo aslida hech narsa ekanini anglaysiz.

6. Hayotni borligicha qabul qiling. Ba’zi kishilar hayotni o‘zim boshqarayapman, deb o‘ylaydilar. Garchi shunday ko‘rinsa-da, aslida hayot insonni boshqaradi. Doim muvaffaqiyatga erishib kelgan kishi bir gal pand yesa, buning zarbini ko‘tara olmaydi. Sababi, u hayotni boricha qabul qila olmaydi. Bunday kishilar doim o‘z xohish-istaklari amalga oshishi kerak deb hisoblaydilar. Omad yuz o‘girganida muvozanatni yo‘qotib qo‘yadilar. Hayotni borligicha qabul qilish esa kunida yetti bor yiqilib, yetti bor o‘rindan turishni o‘rgatadi.

Iroda barchamiz uchun kerakli narsa. Ammo hamma ham o‘zida bu kuchni topa olmaydi. Irodasizlik insonni faollikdan uzoqlashtirishi mumkin. Harakatsiz, g‘ayratsiz inson esa ertangi kuniga ishona olmaydi va muvaffaqiyatga erishishi qiyin kechadi. Hayot sinovlaridan o‘ta olish uchun irodali bo‘lishimiz lozim. Har bir qulagan narsani bundan ham ko‘rkamroq qilib tiklash mumkinligini yodda tuting va buni uddalash uchun o‘zingizga qaytadan imkoniyat bering. Shunda eng mustahkam irodaga erishishingiz mumkin.

«Chidash san’ati» kitobidan.