Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Eskirmaydigan g‘azal

Alisher NAVOIY.

Har kishi yor ollida der chinni ham, yolg‘onni ham,
Vahki, ul bovar qilur voqe’ni ham, bo‘htonni ham.

Jong‘a yettim muxtalif ashobdin, ul dilrabo,
O‘ylakim ko‘nglumni oldi, kosh olsa jonni ham.

Muddaiylar bo‘yla hamroz o‘lsalar yor ollida,
O‘zga tutmoq farzdur o‘lmakni, bal hijronni ham.

So‘z dey olurlar gahu begah, mahallu bemahal,
Bas mahaldur, tark qilsam balki xonumonni ham.

Chunki bag‘rim qonini ko‘z yo‘lidin oqizdilar,
Dam-badamdurkim, so‘ribturlar sarosar qonni ham.

Ey ko‘ngul, dahr ahlig‘a yo‘q va’dau paymon durus,
Necha kuygung sen dog‘i, uz va’da, buz paymonni ham.

Hoshalillahkim, Navoiy aylagay tarki vafo,
Bevafo kofirlar olsa jonni ham, iymonni ham.