Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Habib Nurmagomedov: Sportchi bo‘lmaganimda, ehtimol pomidor sotuvchisi bo‘lardim

Kecha, 21 noyabr kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida MMA bo‘yicha Toshkent shahri mezbonlik qiladigan GFC 20 musobaqasining faxriy mehmoni Habib Nurmagomedov bilan talabalar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan chempionga murojaat qildilar.

Ilm olishda nimalarga e’tibor berish kerak?

- Nafaqat ilm olishda balki, axborot almashishda ham uning manbasini aniqlashtirish lozim. Bu nimaga kerak? Eng avvalo, o‘zingizga kerak bo‘lmagan axborotlarga vaqtingizni sarflamaysiz. Ikkinchidan, mukammal bilimga ega bo‘lasiz. Sizga bir misol keltiraman. Buyuk vatandoshingiz Imom al-Buxoriy hadislar to‘plashda va uni saralashda amalga oshirgan ishlariga nazar soling. Har bir hadisni oxirgi manbasigacha tekshirishga bel bog‘lagan. Hozir ko‘rib turibsizki, buyuk allomaning mehnati qanchalik ulug‘vor.

Qaysi kitobni sevib o‘qigansiz?

- Oskar Egerning “Dunyo mamlakatlari va xalqlarining umumbashariy tarixi” asarini o‘qish menga yoqimli. Unda barcha xalqlarning tarixi, madaniyati, tili, aholisi haqida ma’lumotlar bilan tanishish mumkin.

Sportchi bo‘lmaganingizda qaysi kasbni tanlardingiz?

- Sportchi bo‘lmaganimda balkim pomidor sotuvchisi yoki uni yetishtiruvchi bo‘lardim (zalda kulgu). Qanday kasb egallashimdan qat’i nazar mehnat qilishdan to‘xtamasdim. Sportda erishgan yutuqlarim ham mashaqqatli mehnat natijasi, deb hisoblayman. Inson mehnat qilishdan qochmasligi, o‘z ustida ishlashdan chekinmasligi kerak.

Orzuingiz va kelajakdagi rejalaringiz...

Oldimga qo‘ygan maqsadlarim ko‘p. Lekin orzular marraga yaqinlashganing sayin o‘zgarib borar ekan. Shulardan biri o‘z maktabimni yaratish. Jumladan, O‘zbekistonda ham o‘z sport yo‘nalishimda maktab tashkil qilish niyatim ham yo‘q emas.

Tadbir so‘nggida Habib Nurmagomedov eng yaxshi savol egalariga esdalik sovg‘alari topshirdi.

TDIU rektori Kongratbay Sharipov va Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali rektori Qalandar Abdurahmonov Habib Nurmagomedovga tashrif uchun tashakkur izhor qilib, esdalik sovg‘alari taqdim etdi.