Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ichki ishlar tizimida ham bir qator cheklovlar o‘rnatildi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarining buyrug‘iga ko‘ra, Ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish hamda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalari tomonidan 2020 yil 24 mart kunidan boshlab alohida ko‘rsatma bo‘lgunga qadar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni, shu jumladan yuridik shaxslarni qabul qilish, shuningdek, ma’muriy amaliyot, imtihon olish, avtotransport vositalarini ro‘yxatdan va texnik ko‘rikdan o‘tkazish bilan bog‘liq faoliyatni amalga oshirish vaqtincha to‘xatildi. 

Kechiktirib bo‘lmas holatlarda (pasport, propiska, viza, ma’muriy amaliyot, imtihon olish, avtomototransport vositasini davlat ro‘yxatidan va texnik ko‘rikdan o‘tkazish masalalari) fuqarolarni qabul qilish ichki ishlar organi rahbarining ruxsati asosida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etgan holda maxsus ajratilgan xonalarda amalga oshiriladi.

2020 yil 24 mart kunidan keyin pasport, yashash guvohnomasi olish, almashtirish, propiskani rasmiylashtirish, viza va yashash guvohnomasi muddatini uzaytirish masalalari yuzasidan migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalariga murojaat etishni rejalashtirgan va vaqtinchalik qabul to‘xtatilganligi munosabati bilan murojaat qila olmagan shaxslar pasport tizimi va bo‘lish qoidalarini buzgan, deb hisolanmaydi va ularga ma’muriy chora ko‘rilmaydi.

Shu bilan birga avtomototransport vositalarini belgilangan muddatlarda davlat ro‘yxatidan va texnik ko‘rikdan o‘tkaza olmagan, jarimalarni o‘z vaqtida to‘lay olmagan haydovchilar vaqtincha jarimaga tortilmaydi.