Karantinda Amir Temur haykalining oldida video olib, “haykalni so‘roqqa tutgan” bir qiz va ikki yigit 15 sutkaga qamaldi

Bugun, 7 aprel kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumani ma’muriy sudida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasi (epidemiyalarga qarshi kurashish qoidalarini buzish) hamda 183-moddasi (mayda bezorilik)da nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar harakatlari bo‘yicha K.Majidova (1998 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan), U.Hamidov (1993 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) va O.Razikov (1990 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan)ga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, yuqoridagi fuqarolar 2020 yil 1 aprel kuni soat taxminan 18:00 larda Toshkent shahri Yunusobod tumani, Amir Temur ko‘chasidagi Amir Temur xiyobonida mamlakatimizda o‘rnatilgan karantin talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish qoidalarni buzishgan.

Shuningdek, xavfsizlik niqobini taqmagan holda Amir Temur haykali me’moriy yodgorligi oldida koronavirus epidemiyasi O‘zbekistondan qachon ketishi haqida so‘rab, Amir Temur shaxsiga hurmatsizlik qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan harakatlarini videotasvirga tushirib, olingan videolavhani 2020 yil 6 aprel kuni internetdagi ijtimoiy tarmoqga joylashtirishgan.

Sud K.Majidova, U.Hamidov va O.Razikovning aybi, ular bergan ko‘rsatmalardan tashqari bildirgi, ish bo‘yicha olingan tushuntirish xatlari, ma’muriy bayonnomalar hamda ish bo‘yicha to‘plangan boshqa hujjatlar bilan o‘z tasdig‘ini topgan, deb hisobladi.

Yunusobod tumani ma’muriy sudining 2020 yil 7 apreldagi qaroriga ko‘ra, K.Majidova, U.Hamidov va O.Razikov O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54, 183 moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ularning har biriga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 34-moddasi (bir necha huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llash) tartibida uzil-kesil 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.