Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kelajagi abadiy shahar

Yer yuzining sayqali, deya e’tirof etiladigan qariyb 3 ming yillik tarixga ega Samarqand bugun ham bayram og‘ushida. Bu yilgi bayramga har yilgidan-da o‘zgacha tayyorgarlik ko‘rildi.

Dunyoning yirik saltanati, Sohibqiron davlatining poytaxti bo‘lgan, Mirzo Ulug‘bek osmondagi yulduzlarni sanagan, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy ta’lim olgan Samarqand azaldan ilm-fan, madaniyat, ma’rifat markazi bo‘lib kelgan. Negaki, mintaqada qancha mashhur zot o‘tgan bo‘lsa, hammasining qadami yetgan bu zamin o‘z navbatida fusunkor tabiati, muqaddas qadamjolari va mehmondo‘st insonlari bilan dunyo nigohida bo‘lgan.

Ayniqsa, mustaqillik yillarida Samarqand yanada obod va ko‘rkam bo‘ldi. O‘tgan 30 yilda ziyoratgohlar, muqaddas qadamjolarning asl shuhrati qayta tiklandi, obod maskanlarga aylantirildi. Bugun ham qadimiy shaharning qaysi bir go‘shasiga nazar solsangiz, ulkan yaratuvchilik va bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lasiz.

Xususan, o‘tgan yili Samarqand shahrida viloyat ichki ishlar boshqarmasining yangi tashkil etilgan xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi hamda “Situatsion markaz” uchun bunyod etilgan bino foydalanishga topshirildi. Bu yerda Samarqand shahrida mavjud 4 mingdan ortiq videokuzatuv kameralarining 1 ming 100 dan ziyodi geoinformatsion tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulandi. Birgina shu ishning ortidan shaharda osoyishtalikni ta’minlashning zamonaviy tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Bu kabi sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, o‘tgan yili ko‘hna kent Butunjahon sayyohlik shaharlari federatsiyasi (WTCF)ga a’zo bo‘ldi.

Fransiyaning Yevropa va tashqi ishlar bo‘yicha vaziri huzuridagi davlat kotibi Jan – Batist Lemuan ishtirokida Samarqand shahrida Fransiyaning Markaziy Osiyodagi ilk faxriy konsulligi ochilganligi ham dunyo nigohidagi shaharning tarixiy shuhrati tiklanayotganidan dalolatdir.

Darvoqe, Samarqand Latviya Respublikasining Yurmala, Koreya Respublikasining Kenju, Italiyaning Florensiya, Rossiya Federatsiyasining Samara va Krasnoyarsk, Braziliyaning Rio-de-Janeyro, Pokiston Islom Respublikasining Laxor, Ukrainaning Lvov, Belgiyaning Lej, Bolgariyaning Plovdiv, Indoneziyaning Banda-Achex, Fransiyaning Lion, Germaniyaning Bremen, Tunisning Kayruan, Meksikaning Mexiko shaharlari bilan birodarlashgan.

Turizm jadal rivojlanadi

Albatta, pandemiya sababli xorijlik va mahalliy sayyohlarning Samarqandga tashrif buyurishida qator muammolar kuzatildi. Xususan, o‘tgan yilning 9 oyida azim shaharga 281 ming 200 nafar xorijiy sayyohning tashrifi kuzatilgan bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkich 49 ming 500 nafarni tashkil etdi.

- Biroq ochiq osmon ostidagi muzey - shaharga bo‘lgan qiziqishni hisobga olib, turistik imkoniyatlarni kengaytirish, shu jumladan, sayyohlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, - deydi Samarqand shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Akram Egamov. - Jumladan, joriy yilning birinchi yarim yilligida 24 ta turistik loyiha ishga tushirilgan. 6 ta mehmonxona foydalanishga topshirilib, 190 o‘rinli 21 ta oilaviy mehmon uylari tashkil etilgan. Shuningdek, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi 8 ta turistik mikroavtobus xarid qilinib, 12 ta turoperator faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Umuman, 2020-2021 yillarda turizm sohasida 55 ta investitsiya loyihalari amalga oshirilib, 2000 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Misol uchun, ko‘hna kentning Orzu Mahmudov, Islom Karimov, Alisher Navoiy va Pushkin ko‘chalari hamda Universitet xiyobonini turistik maskanga aylantirish loyihalari ishlab chiqilgan.

Qayd etish lozimki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 26 iyul kuni Samarqand viloyatiga tashrif buyurib, viloyatning turistik salohiyatini oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Shu asosda Samarqand xalqaro aeroportining 600 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadigan yangi terminalini qurish, radiolokatsiya tizimlarini takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda. Umumiy loyiha qiymati 60 million AQSh dollari bo‘lgan “Samarqand” xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish doirasida yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi va 4 ta yo‘naltiruvchi yo‘llar quriladi. Natijada aeroturargohning havo kemalarini qabul qilish quvvati 8 tadan 24 taga yetkaziladi, magistral yo‘naltiruvchi yo‘lak rekonstruksiya qilinadi hamda yangi svetosignal va radiotexnik qurilmalar o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali atrofida 360 gektar maydonda turistik markaz qurilmoqda.

 

O‘tmishi sharafli, buguni saodatli

Davlatimiz rahbarining joriy yil 1 maydagi qarori bilan hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati 8 ta ustuvor yo‘nalishda statistik ko‘rsatkichlar asosida “yaxshi”,”o‘rta” va “qoniqarsiz” deb baholab borish amaliyoti joriy qilingan.

- Bu borada Samarqand shahri “yaxshi” bahoga munosib, deb topildi, - deydi Akram Egamov. - Shunga qaramay, barcha ko‘rsatkichlarni 30 foizga oshirib bajarishga qaratilgan, yil yakuniga qadar va kelgusi yilning birinchi yarmida erishiladigan maqsadli ko‘rsatkichlar, aniq chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand shahrida joriy yilning 1 oktyabr holatiga 15 ming 195 ta, shundan 5546 ta yakka tartibdagi tadbirkor faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 3202 tasi joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tashkil etilgan. Yil yakuniga qadar 548 ta yangi tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, faoliyati tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.

Olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida 68,5 million dollarlik yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,3 million dollar ko‘p eksport amalga oshirilgan. Bugungi kunda Samarqand shahri tadbirkorlari ishlab chiqargan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini dunyoning 20 ta davlatiga eksport qilmoqda.

Samarqand shahri iqtisodiyotiga xorijdan kirib kelayotgan inves­titsiya miqdori ham kun sayin ortib bormoqda. Xususan, joriy yilning 9 oyida 25 ta loyiha hisobiga 52,1 million AQSh dollariga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, amalda belgilangan reja 109 foizga bajarilgan. Ya’ni, 25 ta loyiha hisobiga 56,6 million AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgan.

Umuman, bu kabi loyihalarning amalga oshirilishi natijasida tabiiy toshlarni, metalni qayta ishlash, LED lampalar ishlab chiqarish va zamonaviy ko‘ngilochar maskan tashkil etish kabi xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, So‘lim shaharchasida "Aziya metall proff" korxonasi tomonidan to‘rt bosqichda umumiy qiymati 234,1 million AQSh dollarilik metall o‘ramlar ishlab chiqarish va qayta ishlash loyihasining ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Quvvati 190 ming tonna bo‘lgan metall rulonlarni qayta ishlash va ishlab chiqarish loyihasi dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Muhimi, bu yerda So‘lim hamda Kimyogarlar qo‘rg‘onida yashovchi 100 ga yaqin muhtoj oilalarning a’zolari ishga joylashtiriladi.

To‘yga to‘yona bilan

Samarqand shahri kuni oldidan yangi bunyod etilgan, qayta ta’mirlangan ob’yektlar foydalanishga topshirilmoqda.

"FAVORITE-GROUP" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 10 milliard 381 million 95 ming so‘mlik loyiha samarqandliklarga quvonch bag‘ishladi. Loyiha doirasida Afrosiyob ko‘chasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasigacha tortilgan ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari ishga tushirildi.

Shu kunlarda bu yerda yana bir katta loyiha yakuniga yetkazilmoqda. Afrosiyob ko‘chasining Ibn Sino ko‘chasidan M-37 avtomobil yo‘ligacha bo‘lgan qismida qariyb 14 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirilmoqda. Yo‘lning qatnov qismiga asfalt yotqizilib, lotok-ariqlar o‘rnatilmoqda. Jami 1600 metrlik masofada piyodalar yo‘lagi tashkil qilinib, zamonaviy yoritkichlar o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, bugun Amir Temur ko‘chasida Samarqand shahar davlat xizmatlari markazining yangi binosi, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasida "‘Makon Mal” yangi savdo majmuasi ochilish marosimlari o‘tkaziladi.

Yoqubjon MARQAYeV,

«Zarafshon» muxbiri.