Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kimlar muddatidan oldin ovoz berayapti?

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 57-moddasiga muvofiq, muddatidan oldin ovoz berish saylovga 10 kun qolganida boshlanadi va saylovga 3 kun qolganida tugallanadi.

Shu bois viloyatimiz shahar va tumanlaridagi 1051 ta saylov uchastkalarida saylovchilarga ovoz berish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ularda 2 million 312 ming nafar saylovchilar ro‘yxati shakllantirilgan. Qayd etish lozimki, saylovchilarning 77 ming nafardan ziyodi birinchi marta ovoz beradigan yoshlar hisoblanadi.

- Muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti tegishli okrug saylov komissiyalari tomonidan belgilanib, saylovchilarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkazildi, - deydi viloyat saylov komissiyasi kotibi A.Bo‘riboyev. – Amaldagi qoidaga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berish jarayoniga joriy yilning 12 dekabr kuni soat 09:00 dan ruxsat berildi.

Ushbu sanadan e’tiboran saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lmaydigan saylovchilar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz berishi mumkin.

- Saylov kuni xizmat safarida bo‘laman, - deydi Samarqand shahar So‘fi Roziq mahallasida yashovchi Habibulla Ibrohimov. - Shu bois mahallada tashkil qilingan uchastka saylov komissiyasiga saylov kuni mamlakat hududdi bo‘lmasligim haqida ariza bilan murojaat qilib, muddatidan oldin ovoz berdim.

Muhabbat Sulaymonova, Qurbonoy Yorova hamda Nazokat Ochilova ham Umra safariga jo‘nab ketayotganligi uchun o‘z hududlaridagi saylov uchastkasiga borib, milliy qonunchiligimizda belgilangan huquqidan foydalangan holda muddatidan oldin ovoz berdi.

Shahzod Abduraimov Samarqand veterinariya meditsinasi institutining 4-bosqichida tahsil oladi. U 22 dekabr kuni chet elda o‘quv amaliyotida bo‘ladi. Shu sababli muddatidan oldin o‘z tanlagan nomzodiga ovoz berdi.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, saylovchi to‘ldirilgan saylov byulletenini yopiq konvertda qoldiradi va u tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosi imzosi qo‘yilib, komissiyaning muhri va ovoz beruvchining imzosi bilan tasdiqlanadi. Saylov kuni uchastka saylov komissiyasi raisi yoki rais o‘rinbosari komissiya a’zolari bilan birgalikda muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlarni saylov qutisiga tashlaydi.

Saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish 18 dekabr kuni soat 18:00 ga qadar davom etadi.

Y.GADOYEV.