«Munosib nomzodga ovoz berdim»

2019 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan saylovlarda 50 foizdan ko‘p ovoz to‘play olmagan deputatlikka nomzodlar uchun bugun, 5 yanvar kuni takroriy ovoz berish jarayoni o‘tkazilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 56-Registon, 57-So‘g‘diyona, 67-Past Darg‘om saylov okruglarida, shuningdek, xalq deputatlari viloyat kengashiga saylov o‘tkazuvchi 1-Bog‘ibaland, 5-Sartepa, 22-Jo‘sh, 45-Arabxona, 50-Do‘stlik saylov okruglarida takroriy ovoz berish qizg‘in davom etmoqda.

Muxbirimiz 56-Registon saylov okrugi hududiga qarashli Samarqand shahridagi 18-saylov uchastkasida bo‘lib, bu yerda bo‘layotgan takroriy ovoz berish jarayoni haqida qiziqdi.

- Takroriy ovoz berish saylov qonunchiligi talablari asosida o‘tkazilmoqda, - deydi uchastka saylov komissiyasi raisi Bahodir Qodirov. - Uchastkamizda ovoz berish uchun Cho‘ponota va Bunyod mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 2185 nafar saylovchi ro‘yxatga olingan. Saylov jarayonlarida fuqarolarimizning faol ishtirokini ta’minlash maqsadida belgilangan tartibda har bir saylovchini xabardor qildik. O‘ylaymanki, takroriy ovoz berish jarayonlarida ham saylovchilarimiz faol qatnashib, o‘z fuqarolik burchlarini namoyish etadi. Hozirgacha 200 nafarga yaqin saylovchi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga o‘zlari munosib ko‘rgan ikki nomzoddan biriga ovoz berdi.

- Ko‘p yillar kutubxonachi bo‘lib ishlab, nafaqaga chiqqanman, - deydi Cho‘ponota mahallasida yashovchi Zulfiya Jumaniyozova. - Saylovlarda ko‘p qatnashganman-u takroriy ovoz berish jarayonlarida bugungidek odamlarning faolligini ko‘rmaganman. Mana, bizda ham bugungi takroriy ovoz berish jarayoni ko‘tarinki kayfiyatda, uyushqoqlik bilan o‘tmoqda. Men farzandlarimiz ta’lim-tarbiyasi, kelajagi, hayotimiz bundan-da farovon bo‘lishi uchun jon kuydiradigan nomzodga ovoz berdim.

A.Bo‘riyev.