Saylov kampaniyasi vaqtida prokuraturaga 65 ta murojaat kelib tushdi

Bugungi kunga qadar prokuratura organlariga saylov masalasida fuqarolar, jumladan, saylovchilar hamda nomzodlardan jami 65 ta murojaat kelib tushdi. Bu haqda saylovlarni yoritish bo‘yicha Xalqaro matbuot markazida bo‘lib o‘tgan brifingda bosh prokuror Nig‘matilla Yuldashev ma’lum qildi.

Hududlar kesimida, murojaatlar, Jizzax, Navoiy va Samarqand viloyatlariga 1 tadan, Andijon, Namangan, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 2 tadan, Buxoro viloyatiga 3 ta, Sirdaryo va Qashqadaryo viloyatlariga 4 tadan, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga 6 tadan, Farg‘ona viloyatiga 7 ta, Surxondaryo viloyatiga 24 ta to‘g‘ri keladi.

Murojaatlarning 30 tasi bevosita fuqarolardan, shu jumladan, 9 tasi saylovda ishtirok etayotgan nomzodlardan hamda 35 tasi davlat organlari va muassasalar, xususan, Markaziy saylov komissiyasidan kelib tushdi.

Murojaatlarning 12 tasida Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi, 53 tasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga o‘tkazilayotgan saylovlarga bog‘liq masalalar yoritilgan.