Deputatlikka nomzodning ishonchli vakili ma’muriy javobgarlikka tortiladi

Saylov kodeksining 44-moddasiga ko‘ra, saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqot olib borish taqiqlangan.

Ushbu tartib qonun bilan qat’iy belgilab qo‘yilishiga qaramasdan, xalq deputatlari Quva tumani Kengashiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzodi ko‘rsatilgan B.Mavlonovning ishonchli vakili X.Abdullayev 2019 yil 22 dekabr kuni soat 08:30 larda o‘zining “Lasetti” rusumli avtomashinasi oldi qismiga “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, ikki yon tomonlariga “Mavlonov Bahromjonga ovoz bering” degan yozuvlarni oddiy bo‘yoqda yozib olib, Quva tumani, Jalayor okrugi hududidagi 25-maktabda joylashgan 589- hamda Mehnatobod qishlog‘i 51-maktabda joylashgan 743-saylov uchastkalari oldida avtomashina oynalarini ochgan holda “Mavlonov Bahromjonga ovoz beringlar”, deb targ‘ib qilgan.

Ushbu holat yuzasidan Quva tumani prokuraturasi tomonidan B.Mavlonovning ishonchli vakili X.Abdullayevga nisbatan MJtKning 51-5-moddasi bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun Quva tumani ma’muriy sudiga yuborilgan.

Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.