Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashiga qaysi partiyadan qancha nomzod saylandi?
Kecha xalq deputatlari viloyat Kengashiga shahar va tumanlardagi 5 ta okrugda takroriy ovoz berishlar o‘tkazildi.
Viloyat saylov komissiyasi ma’lum qilishicha, ovoz berish natijalariga ko‘ra, 3 nafar Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati-O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan va 2 nafar O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlar xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga saylangan.
Xususan, 1-Bog‘ibaland saylov okrugidan Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi raisining birinchi o‘rinbosari Badriddin Nasriyev;
5-Sattepo saylov okrugidan “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari – viloyat hokimining maslahatchisi Shoxrux Djurakulov;
22-Jo‘sh saylov okrugidan Qo‘shrabot tumani Oqmachit maxalla fuqarolar yig‘ini raisi Sadilla Absamatov;
45-Arabxona saylov okrugidan Samarqand shahrida joylashgan “Xurshida med stom” stomatologiya klinikasi rahbari Shaxnoza Nurmuminova;
50-Do‘stlik saylov okrugidan “Oila” ilmiy amaliy markazi viloyat boshqarmasi rahbari Zebiniso Shodiyeva ko‘p ovoz olgan.
Saylov kodeksining 59-moddasiga asosan takroriy ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning ovozini boshqa nomzodga nisbatan ko‘proq olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi. Takroriy ovoz berishda saylovchilarning ishtirok etishi foizi hisobga olinmaydi.
Saylovlarning umumiy natijalariga ko‘ra, xalq deputatlari viloyat Kengashida eng ko‘p 16 ta deputatlik o‘rnini Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi egalladi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan esa 14 nafar, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 11 nafar, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan 10 va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan 9 nafar nomzod viloyat Kengashi deputatligi saylangan, deb topilib, ro‘yxatga olindi.
Alohida qayd etish lozimki, ushbu saylangan deputatlarning 22 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi.