Kurashda “g‘olib” bo‘lgan yigit o‘rtog‘ini majruh qildi

Murodjon (ism, familiyalar o‘zgartirilgan) Navro‘z bayrami oldidan kech soat 19.00 larda sinfdosh o‘rtoqlari Omon, O‘lmas hamda Madaminlar bilan o‘zaro kelishib, mahalla markazida joylashgan oshxonada yayrab “dam” olishga kelishishdi. Ular oshxonada ovqatlanish davomida uch shisha aroq spirtli ichimligini iste’mol qilib, shirakayf holda tungi soat 22:00 larda qaytishdi.

Barchasi shirakayf emasmi, bir-birlarining laqabi nima ekanliklarini, otalari va onalari kim ekanliklarini “chiroyli so‘zlar” bilan eslab kelishar edi. Bexosdan Omonning esiga uch kun muqaddam kimdir kechasi uyining oldiga kelib, uni tinchini buzganligi esiga tushib qoldi. Bu ishni Murodjon qilgan degan shubhada, uning bo‘ynidan qo‘llari bilan hazil ohangida mahkam siqqanicha uyiga borganligini va tinchini buzganligining sababini so‘raydi.

Murodjon bo‘ynidan mahkam siqilganligi sababli, Omonning yuziga qo‘llari bilan chang solib, timdalab oldi.

Bu vaqtda ular o‘zlari o‘qigan maktab binosining oldiga kelib qolishgan edi. Omon Murodjonga, Murodjon esa Omonga o‘zaro kurashish taklifini qilishdi va bir-birlarini yetaklab maktab yonidagi bedapoya oldiga borishdi.

Omon bo‘g‘inlar shamollashi kasalligi bilan nogironlik ro‘yxatida turardi. Buni bilgan Murodjon Omonga “o‘zingga ishonasanmi?” deya, uning ojizligiga sha’ma qildi. Bundan jahli chiqqan Omon “ishonaman, sen o‘zingga ishonsang bo‘ldi”, deb javob qaytardi.

Olishuvda Omon Murodjonni belidan quchib olgani hamon Murodjon bor og‘irligini Omonning ustiga tashladi. Oyog‘ida bazo‘r turgan Omon esa uni ko‘tarolmadi, boshi bilan xuddi nayza sanchilgandek yerga zarb bilan yiqildi. G‘alabadan huzurlangan Murodjon Omonning ustiga o‘zini tashlab, “qalaysan endi, yengilganligingni tan olarsan”, deya mag‘rur qichqirdi.

- Ustimdan tur, oyoqlarim ishlamayapti, - deb baqirdi Omon. Omonning bu so‘zlarini Murodjon dastlab hazil sifatida qabul qildi va Omonga “endi shu yo‘lga o‘tdingmi”, deya kinoya qildi. Omon esa haqiqatan ham qo‘llari va oyoqlari ishlamayotganligini, nima bo‘lganligini tushunmayotganligini aytdi.

Shundan so‘ng Murodjon hushyor tortib, Omonga “o‘rtoq qo‘rqitma, nima bo‘ldi senga”, deya uning oyoqlarini uqalay boshladi. Shu vaqt ko‘chada “g‘olib”ni kutib turgan o‘rtoqlari baqiriq ovozini eshitishdimi, yugurib voqea joyiga kelishdi. Murodjon Omonning oyoqlarini uqalayotganligini ko‘rib, nima bo‘lganligini so‘rab, ulardan biri Omonning oyoqlarini, ikkinchisi qo‘llarini uqalay boshladi.

Shu orada Murodjon tez yordamga qo‘ng‘iroq qilib, voqea joyiga kelishlarini so‘radi va tez yordam mashinasida Omonni shifoxonaga olib ketishdi. Shifoxonada Omon orqa miya va chanoq a’zolari faoliyatining buzilishi bilan asoratlashgan orqa miyaning bo‘yin sohasidan og‘ir darajali lat olishi hamda 6-bo‘yin umurtqa tanasining yopiq parchalanib sinib chiqishi tan jarohati olganligini, endi butun umr to‘shakka mixlanganligini bilishganida barcha “oh” tortib yubordi.

Sudda Omonning otasi Nabi aka ko‘z yoshlarini tiya olmadi va shunday dedi:

- Murodjonning otasi mening ham o‘rtog‘im, qo‘shni yashaymiz, taqdir ekan, shifokorlar o‘g‘limni tuzatib bo‘lmasligini aytishmoqda. O‘g‘limni har ko‘rganimda azob chekaman, ayolimni ko‘ziga qaray olmayman. Kelinimni ham ko‘zlarida tabassum yo‘qolgan, nima qilishni bilmayman. Murodjonning ham oilasi, farzandi bor, da’vo qilsam, yana bir oila azob chekadi. Da’vomdan voz kechaman, faqat bir shartim bor, har kuni o‘g‘limni holidan xabar olsin, yuvintirsin, ovqatlantirsin, hojatga chiqarsin, bir insonni qay ko‘yga solganligini ko‘rsin. Axir o‘g‘limni kasalligini bilar ediku. Vijdoni bo‘lsa, unga shu eng og‘ir jazo.

Sud ish hujjatlarini atroflicha ko‘rib chiqib, tahlil qilib, ko‘rsatuvlarga huquqiy baho berib, Murodjonga axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazo chorasi qo‘llashni lozim topdi va uni qamoqdan ozod etdi.

Biroq savol tug‘iladi, spirtli ichkilikning nima oqibatlarga olib kelishini nahotki bilmaymiz, kurashda kim “g‘olib” bo‘ldi? Murodjonmi yoki Omonmi, ularning keyingi taqdiri nima bo‘ladi, arzimas hazilning oqibati nimaga olib keldi?

G‘ayrat Negmatov,

jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi sudyasi.

Abdusattor Abdurazzakov,

jinoyat ishlari bo‘yicha

Kattaqo‘rg‘on shahar sudining raisi.