Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston Energetika vazirligi: Afg‘onistonda elektr uzatish tarmoqlari portlatilgani haqida hech qanday ma’lumot kelib tushmagan

Afg‘oniston shimolidagi Bog‘lon viloyatida joylashgan elektr uzatish tarmog‘i ustunlarida yuz bergan terakt oqibatida mamlakatning 11 viloyati elektr ta’minoti tizimida uzilish yuz berdi, deya xabar tarqatgandi ToloNews.

O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati vazirlik huzuridagi O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlariga Afg‘onistonda elektr uzatish tarmoqlari (tarmoq ustunlari) portlatilgani haqida Afg‘onistondagi xaridorlardan hech qanday ma’lumot yoki xabar kelib tushmaganini bildirdi.

Mavjud shartnoma asosida Afg‘oniston Islom Respublikasiga uzulishlarsiz elektr energiyasi yetkazib bermoqda (1 sutkada taxminan 1,5 mln. KVt/soat).

Lekin shuni aytish joizki, 2019 yil 14 sentyabr soat 14:00 dan keyin O‘zbekistondan Afg‘onistonga uzatilayotgan energiya miqdorini qabul qilish darajasida keskin tushish holati ro‘y bergan. Bu odatdagidan qariyb 3 marta kam ekanligi qayd etilgan.

Elektr uzatish tarmoqlari, ya’ni havo liniyalarining tayanch ustunlariga yetkazilgan zarar, ularni ta’mirlash ishlarini har bir mamlakat o‘z hududida o‘zi amalga oshiradi.

Ayrim sabablarga ko‘ra, ta’minoti uzilgan elektr tarmog‘i, taxminimizcha, Afg‘oniston iste’molchilari Tojikiston Respublikasidan xarid qiladigan havo liniyalarida sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Agar ushbu taxmin to‘g‘ri bo‘lsa, tojikistonlik va afg‘onistonlik mutaxassislar ta’mirlash ishlarini qachon va qay tartibda amalga oshirishidan bexabarmiz.