Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Payariq aholisiga sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi

Payariq tumanida o‘tkazilgan bu galgi sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish tadbiri «E’tibordan ko‘ngillar mamnun!» shiori ostida o‘tkazildi.

Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Tadbir davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va nogironligi bor o‘nlab oilalar holidan xabar olindi. Xususan, Payariq tibbiyot kollejining moslashtirilgan ikki qavatli yotoqxonasida istiqomat qilayotgan keksa onaxon, O‘rajab Ravshanova hamda boquvchisini yo‘qotgan va 3 yashar nogironligi bo‘lgan farzandi bilan yashab kelayotgan Sarvinoz Rustamovaga e’tibor ko‘rsatildi.

Shundan so‘ng tumandagi Alisher Navoiy, Go‘zal, Farovon hamda Mustaqillik mahallalarida istiqomat qiluvchi aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Dastlab yig‘ilganlarga Payariq tuman davlat xizmatlari markazi mutaxassislari tomonidan sohaga oid ma’lumotlar va huquqiy tushunchalar berildi. 100 nafardan ortiq mahalla fuqarolari ishtirok etgan tadbirda 30 dan ortiq davlat xizmatlari yuzasidan murojaatlar qabul qilindi va ularga sayyor tarzda xizmatlar ko‘rsatildi.

Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati.