O‘ray-Elipok aholisiga davlat xizmatlari ko‘rsatildi
Toyloq tumanining O‘ray-Elipok mahallasida tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari aholiga sayyor tarzda davlat xizmatlari ko‘rsatdi.
Dastlab markaz xodimlari Davlat xizmatlari agentligi va uning quyi tizimlari tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan turli sohalarga doir 100 dan ortiq davlat xizmatlari haqida ma’lumot, shuningdek, huquqiy-normativ hujjatlar xususida maslahat va tushunchalar berdi.
– Qishlog‘imiz tuman markazidan ancha olisda joylashgan, – deydi mahalla oqsoqoli Majid Isayev. – Shu bois ham davlat xizmatlari bilan bog‘liq masalalarda tumanga borishga doim vaqt topolmaymiz. Bugun davlat xizmatlari markazi mutaxassislarining mahallamizga kelishi barchamizni quvontirdi. Aholining o‘ziga zarur bo‘lgan masalalar shu yerning o‘zida hal etilishiga guvoh bo‘ldik. Muhimi, mazkur sayyor tadbir orqali mahalladoshlarimizning ham vaqti, ham mablag‘i tejaldi.
Shuningdek, sayyor tadbirda O‘ray-Elipok mahallasiga yaqin Jaloyir va Cho‘bot mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi aholi ham ishtirok etdi. Tadbir davomida 100 ga yaqin fuqaroga o‘ndan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. 50 dan ziyod fuqarolarning turli sohalarga oid savol va murojaatlariga javob hamda huquqiy maslahatlar berildi.
Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi axborot xizmati.