Ishtixonda 300 nafardan ortiq fuqaro sayyor davlat xizmatlaridan foydalandi

Avvalroq Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari Ishtixon tumanining Yangiravot mahallasida sayyor xizmat ko‘rsatishi haqida xabar bergandik.

Ushbu sayyor tadbirda hududdagi Zartepa, Hazorbobo, Mirzaqul hamda Sheyxlar mahallalarining 300 dan ortiq fuqarolariga davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Jumladan, 6 yakka tartibdagi tadbirkor, bitta xususiy korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi, 100 nafardan ortiq fuqaroga soliq to‘lash uchun identifikatsion raqam (STIR) berildi. Elektr tarmoqlariga ulanish bo‘yicha 2 ta, ko‘chmas mulk ob’yektiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalasida 10 ta, bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga joylash borasida 42 ta, uy-joy bo‘yicha 4 ta, pensiya jamg‘armasi hisob-raqamini ochish bo‘yicha 23 ta murojaat ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, fuqarolarning 100 dan ziyod sohaga va boshqa masalalariga doir huquqiy maslahatlar berildi.

Davron JAMOLOV.