Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Respublika komissiyasidan ma’lumot

Prezidentimiz Shavkat Mirziyovning topshiriqlariga asosan koronavirus epidemiyasi sharoitida mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari barqaror ishlashini ta’minlash hamda fuqarolarning daromadlari pasayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik borasida Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan hududlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish hamda iqtisodiyotning muayyan yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlarining o‘z ishini davom ettirishiga ruxsat etilgan edi.

Respublika hududida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, sanoat, infratuzilma, transport va logistika sub’yektlarining barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror bilan epidemiya sharoitida iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash, aholi o‘rtasida ishsizlik oshib ketishining oldini olish hamda byudjet tushumlarini ta’minlash uchun iqtisodiyotning qator yo‘nalishlari faoliyatiga ruxsat berilmoqda.

Xususan, qurilish materiallari bozorlari, shu jumladan, qurilish materiallarining chakana va ulgurji savdosi faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga (maydoni 500 kv.m dan kam bo‘lmagan);

yirik ishlab chiqaruvchi sub’yektlarning o‘z mahsulotlarini sotishga mo‘ljallangan hududlardagi tarmoq do‘kon (magazin)lariga (sanitar normasi 10 kv.m ga 1 nafar xaridor tartibi asosida);

hunarmand va ustalarga – ular tomonidan yasalgan buyumlarni bozor rastalaridan tashqari alohida joylashgan joyda (do‘kon) sotish faoliyatiga;

urug‘ va ko‘chat yetishtirish hamda ularni sotish faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’yektlariga (mulkchilik shaklidan qat’iy nazar);

tijorat banklarining ob’yektlardagi shahobchalariga (kassalari);

avtomobillarga ehtiyot qismlar sotish faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlik sub’yektlariga (mulkchilik shaklidan qat’iy nazar);

avtomobillar, qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikalariga servis xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarga – 1000 kv.m dan kam bo‘lmagan maydonga ega sub’yektlar, shuningdek, vulkanizatsiya xizmatlari ko‘rsatuvchi sub’yektlarga;

kimyoviy tozalash bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’yektlariga;

notarial idoralar va sug‘urta kompaniyalarini faoliyat yuritishiga;

to‘xtab qolgan investitsiya loyihalari va ijtimoiy soha ob’yektlarini qurish ishlarini davom ettirishiga ijozat berilgani shular jumlasidan.

Qayd etish lozimki, Koronavirus epidemiyasi sharoitida ushbu korxona va tashkilotlarni, savdo va xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni faoliyat yuritishi hamda qator ob’yektlarda qurilish ishlarini davom ettirish sanitariya-epidemologiya talablari asosida belgilangan.

Ushbu talablar bilan quyidagi keltirilgan xujjatda tanishish mumkin:

 

Mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha korxona va tashkilotlarda
COVID-19 kirib kelishining oldini olish va tarqalib ketishiga
yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan

TALABLAR

 

Korxona yoki tashkilot, qurilish ob’yekti ochiq zonada joylashgan bo‘lsa, albatta atrofini to‘liq o‘rash, begonalar kirishini qat’iyan man qilish;

korxona va tashkilotlarga begona shaxslar kirishining oldini olish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida qo‘riqlash va boshqa xizmat turlaridan foydalanish;

xodimlarni har kuni ishxonada kamida 2 marotaba – ish boshlanishidan avval va ishdan keyin “filtr”dan o‘tkazish, tana haroratini o‘lchash, tana harorati yuqori bo‘lgan yoki kasallik alomatlari bo‘lgan xodimlar aniqlanganda albatta ishdan chetlashtirish;

tana harorati yuqori bo‘lgan yoki kasallik alomatlari (quruq yo‘tal, xolsizlik, yuqori harorat, hid sezish qobilyatining pasayishi) bo‘lgan xodimlarni alohidalashtirish uchun tibbiy punktda izolyator tashkil etish;

ish kuni boshida yoki yakunida barcha xonalarni dezinfeksiyalovchi vositalar bilan zararsizlantirish, shuningdek, kvars lampalar bilan ishlov o‘tkazish, albatta kun davomida kamida ikki marotaba xonalarni shamollatish;

korxonalarda barcha xodimlar uchun qulay bo‘lgan joylarga qo‘llarini dezinfeksiyalovchi vositalar bilan zararsizlantirish uchun yetarli darajada zararsizlantiruvchi uskunalar o‘rnatish;

har kuni jamoat uchun umumiy bo‘lgan xonalarni (ovqatlanish, dam olish xonalari, xojatxona) zararsizlantiruvchi vositalar bilan zararsizlantirish ishlarini o‘tkazish;

har 2-4 soatda barcha tashqi muhit ob’yektlarini (eshik tutqichlari, vklyuchatel, zina tutqichlari, stol, stullar, tashkiliy texnika) zararsizlantirish uchun yetarli darajada zararsizlantiruvchi uskunalar o‘rnatish;

yuvuvchi va zararsizlantiruvchi moddalar, shaxsiy himoya vositasining (niqob va rezina qo‘lqop) 5 kunlik zaxirasini yaratish, tibbiy niqoblarni kamida har 2-3 soatda almashtirish;

xodimlarning ish joyida bir-biridan kamida 2 metr masofada muloqot qilishlarini nazorat qilish;

barcha xodimlarni to‘liq shaxsiy himoya vositasida (tibbiy niqob va rezina qo‘lqop) faoliyat ko‘rsatishini muntazam nazorat qilish, shaxsiy himoya vositalarini ishlatilgandan so‘ng markazlashgan holda yig‘ish va ularni utilizatsiya qilish;

ba’zi korxonalar xodimlari o‘rtasida yuqori nafas yo‘llari kasalliklarining oldini olish va maksimal darajada muloqotni kamaytirish maqsadida onlayn tarzida ish faoliyatini tashkil etish;

xodimlarning ovqatlanishi uchun alohida xona tashkil etish, ish joyida ovqatlanishni taqiqlash, ularning qo‘l yuvish uchun zararsizlantiruvchi uskunalar bilan ta’minlash;

xodimlarga karantin vaqtida qulaylik yaratish va ularning erkin holda ko‘chada yurishlarini oldini olish va foydali ish soatlarini oshirish maqsadida markazlashgan xolda ovqat yetkazib berilishini ta’minlash;

xodimlarni yotoqxonalar bilan ta’minlash, barcha xodimlar ish joyi va yotoqxonalari o‘rtasida piyoda yurishlarini taqiqlash, ularni transport vositalari bilan ta’minlash;

jamoa yig‘ilish xonalaridan (chekish xonasi, ma’naviyat va ma’rifat xonasi, oshxona, majlislar xonasi) foydalanishda cheklov choralarini ko‘rish;

agarda korxona va tashkilotda biror nafar xodimda quruq yo‘tal, isitma, holsizlik va shunga o‘xshash klinik belgilar paydo bo‘lsa, zudlik bilan “103” raqamli tez yordamga murojaat qilish.

 

Mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha savdo korxonalarida
COVID-19 kirib kelishining oldini olish va tarqalib ketishiga
yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan

TALABLAR

 

1. Tashrif buyuruvchilar uchun:

savdo nuqtasi va unga tutash hududlarda xavfsizlikni ta’minlash va xaridorlar orasidagi ijtimoiy masofaning saqlanishiga rioya qilinishini ta’minlash maqsadida qo‘riqlash va boshqa xizmat turlaridan foydalanish;

savdo nuqtasiga kiruvchi har bir shaxsning tana haroratini masofadan turib o‘lchashni tashkil etish. Tana harorati yuqori bo‘lgan fuqaro aniqlansa, savdo markaziga kiritmaslik va “103” telefon raqami orqali tibbiyot xodimlarini chaqirtirish;

savdo nuqtasiga kirish joyida dezinfeksiyalovchi vosita bilan to‘yintirilgan maxsus gilamcha (dezinfeksiyalash to‘sig‘i)ni 1 smenada eng kamida 1 marotaba almashtirib turish;

yirik savdo markazlarida (maydoni 500 m2 dan katta) tashrif buyuruvchi odamlarning ust-boshidan antiseptik bilan purkash yo‘li bilan dezinfeksiyalash uchun maxsus o‘tish joylarini o‘rnatish;

savdo do‘konlariga kirish joyida teri uchun maxsus antiseptiklar (shu jumladan, o‘rnatilgan dozatorlar yordamida) bilan qo‘lni zararsizlantirish joylarini tashkil qilish;

har bir xaridor orasida 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofaning saqlanishini ta’minlash.

2. Savdo nuqtasi xodimlari uchun:

shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash, yuqori nafas yo‘llari infeksiyalari kasalliklari belgilari (tana haroratining yuqoriligi, yo‘tal, tumov) bo‘lgan xodimlar ishga qo‘yilmasligini ta’minlash;

xodimlarni 1 marotabalik yuz niqoblari bilan yetarli darajada ta’minlash (yuz niqobini tugash muddati va ish vaqtining davomiyligiga qarab kamida 3 soatda 1 dona);

xaridorlar bilan ishlovchi har bir xodimni eng kamida 5 dona yuz niqobi, antiseptik salfetkalar, qo‘lqop, teri va qo‘lni zararsizlantiruvchi (ro‘yxatga olingan va qo‘llash uchun qarshi ko‘rsatmasi bo‘lmagan) antiseptiklar bilan ta’minlash;

xodimlarning ovqatlanish va dam olish vaqtlarida to‘planishlarini cheklash, ish joyida ovqatlanishni taqiqlash, ular uchun bir marotabalik idishlardan foydalangan holda karantin vaqtida qulaylik yaratish va ularni erkin holda ko‘chada yurishlarining oldini olish va foydali ish soatlarini oshirish maqsadida markazlashgan holda ovqat yetkazib berilishini ta’minlash;

har 2-4 soatda barcha tashqi muhit ob’yektlarini (eshik tutqichlari, vklyuchatel, perila, stol, stullar, tashkiliy texnika, aravachalar tutqichlari) zararsizlantirish uchun yetarli darajada zararsizlantiruvchi uskunalar o‘rnatish;

xodimlarni har bir ovqatlanish oldidan, ishdan so‘ng qo‘llarini maxsus zararsizlantiruvchi vositalar bilan yuvish, profilaktik chora-tadbirlarga, shaxsiy va umumiy gigiyena qoidalariga amal qilish zarurligi to‘g‘risida muntazam xabardor qilib borish;

ishlatilgan shaxsiy himoya vositalarini maxsus idishlarda alohida ajratilgan yig‘ish va ularning utilizatsiya qilinishini ta’minlash.

Izoh. Korxona va tashkilot rahbarlari qo‘l ostida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning sog‘ligi uchun mas’ul ekanliklari yana bir bor eslatib o‘tilishi maqsadga muvofiqdir.

O‘zA