Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand muzeylarida saqlanayotgan nodir asarlar onlayn namoyish etilmoqda

Sankt-Peterburgdagi Ermitaj, Londondagi Britaniya, Madriddagi Prado, Fransiyadagi Luvr, Vatikan, Salvador Dale kabi muzeylarda saqlanayotgan noyob san’at asarlarini ko‘rishni istamagan kishi bo‘lmasa kerak. Koronavirus pandemiyasi sabab dunyodagi ushbu mashhur muzeylar virtual sayohat qilish imkoniyatini yaratdi. Endi noyob eksponatlarga, durdona san’at asarlariga qiziquvchi kishilar uyida o‘tirib ham ulardan bahramand bo‘lishi mumkin.

Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida ham bir necha asrlarga tengdosh, nodir san’at asarlari saqlanayotgani sir emas. Bugun ular ham dunyo muzeylariga hamohang ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn muzey eksponatlari haqida so‘zlovchi qisqa metrajli filmlar namoyish etmoqda. Karantin davrida bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazmoqchi, farzandlariga ajdodlarimiz tarixidan so‘zlamoqchi bo‘lgan ota-onalarga va qiziquvchilarga ajoyib imkoniyat yaratildi.

- Yurtimizda koronavirus pandemiyasi sabab karantin e’lon qilingach, Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi tarkibidagi barcha ob’yektlarda dezinfeksiya ishlari olib borilib, tomoshabinlar tashrifi vaqtincha cheklandi, - deydi Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasi bosh direktori Samariddin Mustafoqulov. – Ammo xodimlar tomonidan muzey-qo‘riqxona tizimidagi muzeylar va tarixiy obidalarni targ‘ib qilish ishlari izchil olib borilmoqda.  Idoradan chiqmagan holda muzey-qo‘riqxona tizimidagi filiallar faoliyati, yangi tashkil etilayotgan ko‘rgazmalar hamda muzeylardagi noyob va nodir ashyolar haqida ma’lumot beruvchi videolavhalar veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng namoyish etilyapti. Ko‘rgazma zallari va ulardagi nodir muzey san’at asarlari haqida qisqa metrajli hujjatli filmlar tasvirga olindi. Misol uchun, ulardan birida O‘zbekiston davlat san’at muzeyidagi O‘zbekistonda yozuvlar paydo bo‘lishi ekspozitsiyasidan joy olgan noyob asarlar, qadimiy yozuvlar, turli yozuvlarda bitilgan Qur’on kitoblari haqida ma’lumot keltirilgan. Bu ko‘pchilikni qiziqtirdi va  ijtimoiy tarmoqlarda 20 mingdan ortiq kishi kuzatdi.  Mazkur Qur’on kitobi Samarqand qozikaloni Mir Nizomiddin Xoja ibn Abdug‘affor Hojining ma’lumotiga ko‘ra, hijriy 1271 yilda Buxoro hukmdori Amir Nasrulloxon buyrug‘i bilan samarqandlik  kotib Mulla Hasan Samarqandiy tomonidan suls xatida Samarqand qog‘oziga ko‘chirilgan. 1939 yilda Shohi Zinda maqbarasidan olinib, muzeyga taqdim qilingan. Yoki Amir Temur maqbarasining eshigi haqida ishlangan videorolik ham muxlislarni befarq qoldirmadi. Shuningdek, “Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi muzey majmuasi” va “Afrosiyob - qadimiy Samarqand”  nomli qisqa metrajli filmlar tayyorlanib ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi.

Bugungi kunda Samarqand davlat muzey-qo‘riqxonasida  9 muzey, 6 ta tarixiy obida va 250 minga yaqin eksponat saqlanmoqda. Ushbu muzeylar, tarixiy obidalar va ularda saqlanayotgan noyob san’at asarlari haqida har haftada hujjatli film tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn namoyish etish rejalashtirilgan.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.