Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyati qurilish bosh boshqarmasi bosh arxitektor “Bobir Elmuradovning davlat mulkini talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani” yuzasidan bayonot berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda hamda internet saytlarida Samarqand viloyati bosh arxitektori Bobir Elmuradov davlat mulkini talon-toroj qilishda gumonlanib qo‘lga olinganligi, u garov evaziga ozod qilingani yuzasidan tarqalgan xabarlarga Samarqand viloyat qurilish bosh boshqarmasi bayonot berdi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 iyundagi “2017-2019 yillarda Samarqand shahri va Samarqand viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 10-bandi ijrosi yuzasidan Samarqand shahar hokimining 2017 yil

27 dekabrdagi 2158-Q-sonli qaroriga ko‘ra, “Samarqand city” turizm zonasini qurish maqsadida (sobiq “Alpomish” MChJ hududidagi davlat zaxirasiga olingan) 13,84 ga. yer maydoni ajratilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 oktyabrdagi

01-02/1-856 sonli bayoni 7-bandida “Samarkand city” sayyohlik hududiga tutash hududdagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan turar va noturar-joy ob’yektlarini xatlovdan o‘tkazib, ularni belgilangan tartibda buzish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish belgilangan.

Shunga asosan Samarqand shahar hokimining 2018 yil 1 noyabrdagi 2093-Q sonli “Samarqand shahrining sayyohlik potensiali va shaharsozlik konsepsiyasini rivojlantirish munosabati bilan turar va noturar-joy bino-inshootlarni buzishga ruxsat berish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Zebinisobegim ko‘chasi 58-manzildagi 26 ta xonadon buzilishga tushgan.

Mazkur ko‘chada istiqomat qiluvchi 26 ta xonadon egalarining uylari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosobati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari doirasida maxsus litsenziyaga ega bo‘lgan “Voluation” MChJ baholovchi tashkiloti xulosasi asosida buzilishga tushgan 26 ta xonadonning umimiy qiymati 7.5 milliard so‘mga baholangan.

Ushbu baholash xulosasi bo‘yicha viloyat hokimligi huzuridagi buziladigan ob’yektlar o‘rniga fuqarolar va yuridik shaxslarga to‘lov miqdori masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha tuzilgan komissiyaning dalolatnomasiga asosan Samarqand shahar moliya bo‘limi tomonidan TIF “Milliy bank” Samarqand filialida 26 nafar fuqarolar nomiga ochilgan plastik karta hisob raqamlariga to‘lovlar to‘liq to‘lab berilgan.

Samarqand shahar Zebinisobegim ko‘chasidagi 58-manzilda joylashgan

26 ta xonadonga 7.5 milliard so‘m tovon puli to‘lab berilganligi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 9 nafar mansabdor shaxslar aybdor, deb topilgan. Ulardan 4 nafariga nisbatan jinoyat ishining qismi O‘zbekiston Respublikasi JPKning 84-moddasiga asosan harakatdan tugatilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha “Afrosiyob Stroy Servis” MChJ rahbari Kamoliddin Shukurov, Samarqand shahar hokimining sobiq o‘rinbosari, hozirgi kunda Samarqand viloyat bosh arxitektori Bobir Elmuradov, Kapital qurilish direksiyasi sobiq boshlig‘i Temur Xaliqulovlar O‘zbekiston Respublikasi JKning 167, 205, 228-moddalari bilan ayblanib, sudga berilgan. Tergov natijalari bo‘yicha B.Elmurodov va T.Xaliqulovlar gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi sifatida ushlanmagan va ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan. Mazkur ish bo‘yicha faqatgina “Afrosiyob Stroy Servis” MChJ rahbari Kamoliddin Shukurov ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha fuqarolar Akmal Abrorov va Sharofat Haqberdiyevalarga ham ayb e’lon qilinib, ish bo‘yicha ularga nisbatan sirtdan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Bugungi kunda mazkur jinoyat ishi JIB Samarqand shahar sudida sudya Z.Axmedova raisligida mazmunan ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi”, deb belgilab qo‘yilgan.

Qolaversa, Jinoyat Kodeksining 4-moddasi qonuniylik prinsipi ikkinchi xat boshiga ko‘ra, hech kim sudning hukmi bo‘lmay turib, jinoyat sodir qilishda aybli deb topilishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 23-moddasida Aybsizlik prezumpsiyasi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, unda shaxsning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.

Bizning fikrimizcha, har qanday sud majlisini OAVda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritish insonning shaxsiy hayotiga aralashishdir. Ayni paytda Konstitutsiyamizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlari daxlsiz va oliy qadriyat ekani ko‘rsatilgan. Qolaversa, Jinoyat protsessual kodeksining 17-moddasida “inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish ta’qiqlanadi”, deb ham belgilab qo‘yilgan.

Yana shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasida “Ommaviy axborot vositalari erkinligini suiiste’mol qilishga yo‘l qo‘yilmasligi” belgilab qo‘yilgan. Unda muayyan ish bo‘yicha sud qarori chiqmasdan turib yoki sudning qarori qonuniy kuchga kirmay turib, uning natijalarini taxmin qilish yoxud sudga boshqacha yo‘l bilan ta’sir ko‘rsatish taqiqlanadi, deb ko‘rsatilgan.

Samarqand shahridagi Zebinisobegim ko‘chasi 58-manzil bilan bog‘liq ish yuzasidan tafsilotlarni internet saytlari va blogerlar aybdorlarning aybi isbotlanganligi haqidagi qonuniy kuchga kirgan sud hukmidan so‘ng ommaviy axborot vositalarida yoritilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Samarqand viloyati qurilish bosh boshqarmasi axborot xizmati.