Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddan Xitoyga 27 million dollarlik mahsulot eksport qilindi

Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p investitsiya kiritayotgan davlatlardan biridir. Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 700 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Chin o‘lkasi mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va eksport salohiyatini yuksaltirishda faol ishtirok etmoqda.

Xitoy bozorida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan to‘qimachilik mahsulotlari, plastmassa buyumlar, qish¬loq xo‘jaligi va boshqa tovarlarga talab yuqori. Shuningdek, Xitoyning elektronika, kimyo va mashinasozlik mahsulotlari yurtimizga eng ko‘p import qilinadigan mahsulotlardan hisoblanadi. O‘tgan yillar davomida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,5 milliard dollarni tashkil etdi. Ikki davlat foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solib, bu ko‘rsatkichni yaqin yillar ichida 20 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirgan.

Viloyatimizda ham Xitoy kapitali ishtirokida 50 ta qo‘shma korxona va 8 ta xorijiy korxona tashkil etilgan. Ular asosan, qurilish, mashinasozlik, terini qayta ishlash, to‘qimachilik, elektrotexnika, qandolat va oziq-ovqat mahsulotlari, farmatsevtika yo‘nalishlarida faoliyat olib bormoqda. Birgina 2018 yilda xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda 5 ta qo‘shma va 6 ta xorijiy korxona ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Shuningdek, Xitoy va viloyatimiz o‘rtasidagi tovar aylanmasi 261 million 527,4 ming dollarni, shundan 234 million 156,7 ming import, 27 million 370,7 ming dollar eksportni tashkil etdi. 

Bundan tashqari, viloyatimizda Xitoyning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoyasi asosida qurilish materiallari, tibbiyot jihozlari, maxsus texnika ishlab chiqarish, karton va qadoqlash materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida 18 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Xususan, Xitoyning "King of  sales Co.Ltd" kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Aziya Metall Prof" mas’uliyati cheklangan jamiyatida yil yakuniga qadar sovuq formovka va falsovka ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Umumiy qiymati 46 million AQSh dollari bo‘lgan loyiha uchun xitoylik tadbirkorlar 16,8 million dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritdi.

Keyingi haftada ishbilarmonlar va mutasaddi rahbarlardan iborat viloyatimiz delegatsiyasining Xitoyda o‘tkaziladigan uchrashuvida hamkorlikni yanada yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan.

O‘ktam XUDOYBERDIYEV.