Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Saylov jarayonida mahallaning ham kuzatuvchilari ishtirok etadi

Ilgari fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasiga ko‘ra, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish huquqiga ega edi.

Saylov kodeksi bilan ushbu norma bekor qilindi. Endi saylovlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar ishtirok etishi haqidagi norma belgilandi. Qayd etish lozimki, avvalgi qonunchilikda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar qatnashishi haqida biror bir norma yo‘q edi.

Endi manfaatdor tashkilotlar saylov komissiyalariga saylovdan kamida o‘n besh kun oldin o‘z kuzatuvchilari to‘g‘risida ariza bilan ma’lum qiladi. Tuman yoki shahar saylov komissiyasi ariza olinganidan keyin besh kun ichida kuzatuvchi uchun mandat beradi.

Boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.

Qonunchilikka ko‘ra, kuzatuvchilar quyidagi huquqlarga ega:

saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo‘lish;

nomzodlar ko‘rsatishga bag‘ishlangan yig‘ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish;

saylov uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va saylov qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishini, saylov byulletenlarining ularga berilishini kuzatish;

ovozlar sanab chiqilayotganda va saylov komissiyasining bayonnomasi tuzilayotganda hozir bo‘lish;

saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini so‘rash va olish;

agar tegishli saylov uchastkasida ushbu Kodeksning talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan, deb hisoblash uchun asoslar bo‘lsa, o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida tegishli saylov komissiyasiga ma’lum qilish.

Bundan tashqari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar bo‘yicha takliflar kiritadi. Ya’ni, uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan nomzodlar xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinib, tasdiqlash uchun tegishli okrug saylov komissiyasiga tavsiya etiladi.

Aziz BO‘RIBOYeV,

viloyat saylov komissiyasi kotibi.