Toshkentda Rossiyaning yana bir universiteti filiali tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 7 iyunda “Toshkent shahrida “D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universiteti” Federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Unga ko‘ra, filial universitet bilan kelishgan holda, ta’limning bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini hisobga olib, barcha darajalardagi mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish, shu jumladan, ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash ishlarini amalga oshiradi.

Ushbu ta’lim dargohida o‘qitish rus tilida amalga oshiriladi. Filialning ta’lim faoliyati 2019-2020 o‘quv yilidan boshlanadi.

Filial bitiruvchilariga o‘qishni bitirganlaridan so‘ng O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.

Davlat granti asosida ta’lim olgan filial bitiruvchilari respublika tashkilotlariga besh yildan kam bo‘lmagan muddatga majburiy ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari:

  1. Materialshunoslik, nanomateriallar va nanotizimlar texnologiyalari;
  2. Materiallarga badiiy ishlov berish texnologiyasi;
  3. Sintetik biologik faol moddalar, kimyo-farmatsevtika preparatlari va pardoz vositalari texnologiyasi;
  4. Texnologik jarayon va ishlab chiqarish xavfsizligi.

 

Magistratura mutaxassisliklari:

  1. Materialshunoslik va materiallarni korroziyadan saqlash;
  2. Nanomateriallar kimyoviy texnologiyasi.