Bolalar qanday hunar o‘rganmoqchi?

"Hunarmand" uyushmasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi Nurobod tumanidagi Oqsoy mahallasidagi 5-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida "Men ham hunar o‘rganaman" shiori ostida tadbir tashkil etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi Ahmad Umarov, yosh hunarmandlar - G‘ulom Isayev, Firdavs Sattorovlar o‘zlari tayyorlagan badiiy ijod namunalari, hunarmandchilik mahsulotlari, milliy qo‘g‘irchoqlarni bolajonlarga takdim etishdi.
- Uyushmamiz yoshlarda hunar o‘rganish ko‘nikmasini shakllantirish maqsadida olis qishloqlarda mana shu loyihani amalga oshirishga bel bog‘ladi, - deydi "Hunarmand" uyushmasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Umid Hakimov. - Shuning uchun ilk bor tashkil etilgan mazkur tadbirni viloyat markazidan olis, tog‘lar bag‘rida joylashgan Oqsoy mahallasidan boshladik. Maqsadimiz - xalq amaliy san’atining qadimiy an’analarini o‘sib kelayotgan yosh avlodga yetkazish, ularda hunarmandchilikka bo‘lgan qiziqishni oshirish, bo‘sh vaqtlarini hunarning o‘zlari istagan turlari bo‘yicha shug‘ullanishlarini ta’minlashdan iborat.
T.SIDDIQOV.