Bulung‘urda g‘alladan bo‘shagan 6500 gektar yerga yuqori daromadli ekinlar ekiladi

Bu haqda tumanda bo‘lib o‘tgan “Vazir, hokim va yoshlar uchrashuvi”da tuman hokimi Bahodir Bahromov ma’lum qildi.

Seminarda qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Qahramov Yo‘ldoshev, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali direktori Shavkat Hasanov va tuman yoshlari ishtirok etdi. 

Tadbirda B.Bahromov tuman iqlimi jihatidan meva-sabzavot hosili olishga qulay ekanligi, hozirgi kunda tumanda yetishtirilayotgan, kelgusida rejalashtirilgan qishloq xo‘jalik ekinlari va ulardan yuqori hosil ko‘tarish, yetishtirilgan mahsulotni qayta ishlash va eksport qilish masalalariga to‘xtaldi. 

Q.Yo‘ldoshev tuman yoshlariga hozirgi kunda qishloq xo‘jaligida yerlardan samarali foydalanish, ekinlarni yetishtirishda ilg‘or tajribalardan kelib chiqib, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha va raqamli iqtisodiyotni joriy etish haqida ma’lumot berdi. 

O‘z o‘rnida Sh.Hasanov tuman yoshlariga filialda bajarilayotgan ishlar, kelgusidagi rejalar, hozirgi kunda mavjud va yangi ochilayotgan bakalavr ta’lim yo‘nalishlari, magistratura mutaxassisliklari to‘g‘risida, shuningdek filialda joylashgan fermerlar maktabi va qishloq xo‘jaligida raqamli iqtisodiyotni joriy etish bo‘yicha ma’lumotlar berdi. 

Seminar yakunida yoshlar tomonidan berilgan savol va takliflarga mas’ullar javob berdi.