Kitob o‘qigan bolaning gapida mazmun, mantiq bo‘ladi

Bugungi ta’lim jarayonlarida bolalar nutqini rivojlantirish, ularning og‘zaki ifoda qobiliyatini oshirish va muloqot madaniyatini shakllantirish dolzarb ahamiyatga ega. Mutaxassislar yoshlarda nutqni bayon qilish ko‘nikmasi pastligiga kitob o‘qimaslikni asosiy sabab qilib ko‘rsatadi.

3 yoshdan 7 yoshgacha bolada qiziqish, mustaqil faoliyat shakllanadi. Bu vaqtda ularning ota-onalari yoki tarbiyachilari bolaning to‘g‘ri o‘sishiga e’tibor qaratishi lozim. Fransuz faylasufi va pedagogi Jan-Jak Russoning fikricha, bola dunyoga kelgach, tarbiya darhol boshlanishi kerak. Chunki har bir kechikkan kun bola shaxsining bir bo‘lagi yo‘qotilgan kundir. Ayniqsa, bolalik chog‘idayoq og‘zaki nutqning rivojlanishi uchun unda kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otish lozim.

Jumladan, bolalarda kitob o‘qish ko‘nikmasini oshirishning turli usullari bor. Aytilgan ertak va hikoyalar ularning keyinchalik mustaqil mutolaaga qiziqishida asosiy omil bo‘ladi. Bundan tashqari, ota-onalar yoki o‘qituvchilar har kuni bolalarga kitobni ovoz chiqarib o‘qib bersa, bolalar yangi so‘zlarni eshitish, talaffuz qilish va kontekstda tushunishni o‘rganadi. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ham bolalarning o‘qish faoliyatiga, nutqi rivojlanishiga sabab bo‘ladi.

Misol uchun, ota-ona farzandining kitob o‘qishini istaydi, u esa kompyuter o‘ynashni afzal ko‘radi. Buning uchun kitob mutolaasini ana shu jarayonga yaqinlashtirish, ya’ni zamonaviy texnologiyalardan foylanish kerak. Bugungi kunda deyarli barcha kitoblarning audio nusxalari va elektron shakllari mavjud.

Temple universiteti professori Susan Neumanning aytishicha, kitob o‘qiydigan bolalarda so‘z boyligi bo‘ladi, savodxonligi oshadi. Mutolaa orqali nutq tarkibiy qismlari rivojlanib, gap tuzish qobiliyati shakllanadi, suo‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilish va intonatsiyani o‘sadi, qayerda qanday so‘zni ishlatishni, mazmunli va mantiqli gapirishni o‘rganadi. Muhimi, so‘z, gap aytishda o‘ziga ishonch ortadi. Bular esa uni jamiyatda faol bo‘lishga undaydi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi globallashuv va raqamli axborot asrida yosh avlodning kitob o‘qishi ularni muloqotga kirishuvchan, mustaqil fikrlovchi shaxs sifatida tarbiyalaydi.

Sohiba RASULOVA, SamDChTI dotsenti.

Sevinch TO‘LQINOVA, talaba.