Savodxonlik barcha zamonlarda ta’lim-tarbiyaning asosini tashkil etgan

#21-oktabr - O‘zbek tili bayrami kuni

Bundan o‘ttiz yillarcha muqaddam “Davlat tili haqida” hamda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi mamlakatimizda ta’lim-tarbiya va ona tilimizning keyingi taraqqiyotiga juda katta ijobiy ta’sir etadigan voqea bo‘lgan edi. Bu tarixiy voqea tufayli ta’lim sohasida ham katta burilish yasalishi kutilgandi. 1993-yil sentabr oyida qabul qilingan yangi alifboga ikki yil o‘tmay bir qator qo‘shimcha va o‘zgartirishlarning kiritilishi bilan kutilgan natijaga erishilmadi. Ayniqsa, davlat tiliga va yangi alifboga to‘liq o‘tish bo‘yicha belgilangan muddatlarning bir necha bor uzaytirilaverilishi oqibatida har ikkala qonun ijrosining ta’minlanishi yanada cho‘zilib ketdi.

O‘tgan davr ichida maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari, ba’zi oliy ta’lim muassasalari, ayrim muassasa va tashkilotlarda ish yuritish davlat tiliga, ta’lim-tarbiya jarayoni yangi alifbo va imlo qoidalariga o‘tkazildi. Korxona va tashkilotlarda ham bu muddat ichida ish yuritishni davlat tiliga o‘tkazish barobarida yangi alifbo va imloga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rildi, uslubiy qo‘llanmalar yaratildi, o‘zbek tili va yangi alifboni o‘rganish kurslari tashkil etildi. Biroq bu tayyorgarliklarning talab darajasida bo‘lmaganligi va mutasaddi rahbarlar tomonidan yetarli nazorat etilmaganligi mazkur qonunlar ijrosining yanada ortga surilishiga olib keldi.

2017-2020-yillarda barcha ommaviy axborot vositalarida ushbu qonunlar  ijrosi, yangi alifboning tahrirtalabligi, unga asoslangan asosiy imlo qoidalarining takomillashtirishga muhtojligi atroflicha muhokama qilindi. Muammolar yechimiga doir taklif va mulohazalar bildirildi. Alifboga kiritilishi lozim bo‘lgan o‘zgartirishlar haqidagi takliflar umumlashtirilib, masala qariyb hal bo‘lganda muhokama joriy yilning noyabr oyigacha uzaytirilishi haqidagi xabar bilan yakun topdi.

1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi anchagina mukammal tuzilgan edi: Aa, Bb, Cc, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp,  Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, Çç, Ḡḡ, Ɉɉ, Ññ, Ōō, Şş, ’. Ikki yildan ortiq davom etgan muhokama-munozaralar 1993-yil qabul qilingan alifboni ayrim tuzatishlar bilan amaliyotda qo‘llashni davom ettirish maqsadga muvofiq ekanligini ko‘rsatdi.

1995-yil may oyida lotin yozuvi asosidagi yangi alifboga kiritilgan o‘zgartirishlar (Çç – Ch ch, Şş – Sh sh, Ññ – Ng ng, Ḡḡ - G‘g‘, Ōō – O‘o‘ harflari birikmali va havolali shakllarga almashtirildi, Cc, Ɉɉ harflari esa alifbo tarkibidan chiqarildi) qatori ʼ – tutuq belgisi ham alifbo sirasidan chiqarilgan edi. Tutuq belgisining imlo qoidalari doirasida o‘rganilishi maqsadga muvofiq bo‘lgan. Chunki u alifbodagi boshqa harflarga o‘xshab tovush ifodalamaydi.

Ḡḡ (buḡ, ōḡil), Ōō (zōr, tōḡri) harflarining ustiga belgi qo‘yilishi ham ma’qul. Çç (kuç, ōç, çiḡiriq) va Şş (tiş, şiş, şōrva) harflari qatori burun tovushini ifodalash uchun olingan Nn harfining ham ustidan ko‘ra ostiga Ŋŋ (kōŋil, keŋ, miŋ, oŋ, ōŋ) ilova belgisini qo‘yish bu harfning qo‘lyozma shaklini keyingi harf bilan tutashtirilishini yanada osonlashtiradi. Alifbo sirasidan chiqarilgan Cc (cirk, cex, şpric, kvarc), Ɉɉ (ɉurnal, abaɉur, muɉda, giɉda) harflarining ham alifboga qaytarilishi adolatdan bo‘ladi va boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlarni asliga yaqin yozishni, imlosini, talaffuzini o‘rganishni osonlashtiradi. Alifbomizda tutuq belgisini hisobga olmaganda, jami 31 ta harf mavjud bo‘ladi. Harflar shakllarining mana shu holatda tezroq tasdiqlanishi va amaliyotga tatbiq etilishi qonunlar ijrosining yanada tezlashishiga xizmat qiladi, amaliyotda qo‘llanilayotgan qo‘sh alifbolikka barham beradi.

1995-yil 5-mayda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan yangi alifbomizda 26 harf va 3 ta harflar birikmasi mavjud bo‘lib, ularning oltitasi unli, 23 tasi undosh tovushlarni ifodalaydi: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, O‘o‘, G‘g‘, SHsh, CHch, Ngng. Endi mana shu alifboga asoslangan imlo qoidalari bilan bog‘liq holda yozma nutqimizda yuz berayotgan salbiy holatlar, xato va kamchiliklarga to‘xtalamiz.

Jamiyat rivojlangan sari taraqqiy etgan tillarning boshqa tillarga ta’siri kuchayib boradi. Ayniqsa, tilning lug‘at tarkibi yangi so‘zlar hisobiga tez boyiydi. Rus tilidan o‘zlashgan [ts] (ц) qorishiq undosh tovushli so‘zlarni yangi alifboda qanday yozish 1995-yil 24-avgustda tasdiqlangan imlo qoidalarida o‘z aksini topmagan. Nashr etilayotgan imlo lug‘atlarida, yangi alifbo va imloda chop etilayotgan manbalarda ham bunday so‘zlarni har xil yozish hollari kuzatilmoqda. Masalan: asetilen (Sh.Rahmatullayev, A.Hojiyev) – atsetilen (E.A.Begmatov, A.P.Madvaliyev), antisiklon (Sh.Rahmatullayev, A.Hojiyev) – antitsiklon (E.A.Begmatov, A.P.Madvaliyev). Agar isloh qilinayotgan alifboga Cc harfi kiritilsa, ular quyidagicha bir xil yoziladi va orfoepik me’yorga ko‘ra talaffuz etilaveradi: acetilen, anticiklon, medicina, aviacya, scenariy…

Alifbomizda Nn va Gg harflari bilan bir qatorda burun tuvushini ifodalovchi NG ng harflar birikmasi ham mavjud. Yozuvda so‘zlar tarkibidagi ng harflar birikmasini har ikkalasi mustaqil holda alohida tovush ifodalovchi n va g harflaridan farqlashning imkoni yo‘q. Masalan, tanga (mayda, chaqa pul) – tanga (tanaga, gavdaga), ko‘ngil (yurak, qalb)  – ko‘ngil (rozi bo‘l), tongin (tong paytini) – tongin (inkor yet), singil (qiz qarindosh) singil (sinish), to‘ngimoq (sovqotmoq, muzlamoq)tungi (tun paytidagi), o‘ngimoq (rangi o‘chmoq, eskirmoq)o‘nggi (o‘ng tarafdagi),  engil (ust-bosh) engil (pastga tush) va hokazo kabi. Tilimizda esa bunday so‘zlar juda ko‘p. Bu so‘zlar yozuvda bir xil shakllarda beriladiki, ularning qaysi birida ng harflar birikmasi, qaysi birida esa har biri bir mustaqil tovush ifodalovchi alohida n va g harflari ekanligini farqlab bo‘lmaydi. Vaholanki, ular talaffuzda jiddiy farqlanadi. Buni farqlay olmaydigan o‘quvchi-talabalargina emas, ayrim teleradio boshlovchilari, suxandon va jurnalistlar ham [ng] burun tovushuni alohida [n] va [g] tovushlari kabi qo‘pol (akan-giz, maqsadin-giz, istagin-giz va hokazo) tarzda talaffuz etishmoqda. Agar mazkur burun tovushi uchun Ŋŋ harfini qabul qilsak, muammo yechiladi va bunday so‘zlar quyidagi tarzda farqli yoziladigan bo‘ladi: taŋa (mayda, chaqa pul) – tanga (tanaga, gavdaga), ko‘ŋil (yurak, qalb)  – ko‘ngil (rozi bo‘l), toŋin (tong paytini) – tongin (inkor et), siŋil (qiz qarindosh) singil (sinish), to‘ŋimoq (sovqotmoq, muzlamoq)tungi (tun paytidagi), o‘ŋimoq (rangi o‘chmoq, eskirmoq)o‘nggi (o‘ng tarafdagi),  eŋil (ust-bosh) engil (pastga tush), akaŋiz, maqsadiŋiz, istagiŋiz kabi.

Yangi alifbomizga Cc, Ww harflari kiritilmagani holda, respublikamiz avtoulovlariga berilayotgan yangi davlat raqami va belgilarida bu harflar qo‘llanilmoqdaki, bu holat ham izoh talabdir.

[x] va [h] undoshlarini talaffuz va yozuvda farqlamaslik kundalik odatga aylanyapti. Kirill alifbosida ular Хх, Ҳҳ kabi o‘zaro o‘xshash shaklga ega edi. Yangi alifboda ularning shaklan o‘xshahsligi yo‘q, ammo bari-bir xatoga yo‘l qo‘yish  davom etmoqda: dorihona, dasturhon, pahta, marxamat, raxmat, xammom va hokazo…

Ch va sh harflar birikmalarini kichik va bosh harf sifatida qo‘llashda turli- tumanlik kelib chiqmoqda. So‘z boshida, qisqartmalarda har ikkalasini ham katta yozish, birinchisini katta yozib, ikkinchisini kichik yozish kabi turli-tumanliklar kishilarni ikkilantirib qo‘ymoqda: AQSH – AQSh, SHokir - Shokir, CHyexiya – Chexiya, CHoriyev – Choriyev, Sobirov CH. – Sobirov Ch. va hokazo. Ularni qanday tarzda yozish to‘g‘ri bo‘lishi haqida hozirgacha ma’lum bir to‘xtamga kelinganicha yo‘q.

Arab raqamlari bilan tartib sonlarni yozishda, ayniqsa, yil, oy sanalarini yozishda turli-tumanlik kuzatilmoqda. Hatto ayrim davriy nashrlar sahifalarida sanalarni yozishda ikki xillik ko‘zga tashlanyapti. Bir o‘rinda raqamlardan so‘ng chiziqcha qo‘yilmoqda, boshqa o‘rinda esa qo‘yilmayapti, bir o‘rinda faqat sana va yil orasiga chiziqcha qo‘yilsa, boshqa o‘rinda faqat sana va oy nomi o‘rtasigagina chiziqcha qo‘yilib, sana va yil so‘zi orasiga chiziqcha qo‘yilmayapti: 2021 yil 6 oktabr, 2021-yil 6-oktabr, 2021-yil 6 oktabr, 2021 yil 6-oktabr kabi.

Mana shu o‘rinda sentabr, oktabr so‘zlarining ham har xil yozilayotganligini ta’kidlash lozim. Imlo qoidalarining 56-bandida “Tartib son arab raqamlari bilan yozilsa, -nchi qo‘shimchasi orniga chiziqcha qo‘yiladi… 1991-yilning 1-sentabri kabi” deb yozib qo‘yilganligiga qaramay, sentabr, oktabr oy nomlari sentyabr, oktyabr tarzida imlo qoidasiga zid yozilmoqda.

Murabbiy, dohiy, homiy kabi so‘zlarga egalik qo‘shimchasi qo‘shilgan hollarda ham har xillikka yo‘l qo‘yilmoqda. Dohiysi deb ham, dohiyi deb ham, ayniqsa, respublika radio, televedeniyesi orqali beriladigan futbol o‘yinlari sharhlovchilari, shuningdek, ayrim suxandon va muxbirlarning nutqida ham murabbiysi so‘zidan ko‘ra ko‘proq murabbiyi deb noto‘g‘ri qo‘llanilmoqdaki, bu holda ham imlo qoidasi talabiga rioya etilmayapti. Vaholanki, ularni qanday yozish yangi imlo qoidalarining 35-band 3-b qismida aniq qilib “...dohiy kabi y undoshi bilan tugagan so‘zga ham III shaxsda -si qo‘shiladi: dohiysi kabi” deb yozib qo‘yilgan. Shunday ekan, murabbiyi deb emas, murabbiysi tarzida to‘g‘ri yozishga odatlanishimiz kerak.

[g‘] undosh tovushi bilan tugaydigan so‘zlarga qo‘shiladigan qo‘shimchalar to‘g‘risidagi qoida shunday tovushli so‘zlar va qo‘shimchalarni to‘g‘ri talaffuz etishni qiyinlashtiryapti. Yangi alifboga o‘tilguncha ona tili darsliklarida ham va darslarda tog‘, bog‘, tug‘, sig‘ kabi so‘zlarga -ga, -gach, -guncha qo‘shimchalari qo‘shilganda fonetik o‘zgarish yuz berishi va natijada so‘zning o‘zagidagi g‘ undoshi q undoshiga aylanib, qo‘shimchalar ham -qa, -qach, -quncha tarzida talaffuz etilishi va shunday yozilishi, ya’ni tog‘ – toqqa, bog‘ – boqqa, tug‘ – tuqqach, sig‘ – siqquncha tarzida bo‘ladi deb o‘rgatib kelingan va ular qanday talaffuz etilsa, shunday yozilishi qoidalashtirilgan edi. Yangi alifboga asoslangan imlo qoidasiga ko‘ra ular tog‘ga, bog‘ga, tug‘gach, sig‘guncha deb yozilishi talab etilmoqda. Bu kabi so‘zlar qanday yozilsa, shunday o‘qilish ham kerak. Natijada bunday holat talaffuz me’yorlarimizga mos kelmayapti va ular noto‘g‘ri talaffuz etilmoqda. Odatda tilning grammatik, morfologik, fonetik qonun-qoidalari o‘n-o‘n besh yilda o‘zgarib qolmaydi. Ularning o‘zgarishi uchun yuzlab yillar, asrlar kerak bo‘ladi.

Rus tilidan o‘zlashgan мещан, помещик, ящик kabi so‘zlar imlo lug‘atlarida щ undoshi bir o‘rinda shch tarzida to‘rtta harflar birikmasi bilan, boshqa o‘rinda esa sh tarzida ikkita harf birikmasi bilan meshchan, pomeshik, yashik tarzida ikki xil berilmoqda. Bu borada ham bir xillikka erishish lozim.

Kirill yozuvidagi е, ё, ю, я harfli o‘zlashma so‘zlar ham yangi alifboga asoslangan imlo lug‘atlarida ikki xil berilmoqdaki, bu hol ham savod chiqarishni osonlashtirmaydi:

Kirill alifbosida yozilishi

Sh.Rahmatullayev, A.Hojiyevlar tuzgan imlo lug‘atida

E.A.Begmatov, A.P.Madvaliyevlar tuzgan imlo lug‘atida

Ателье, пьеса, уезд, телевидение, разъезд, съезд, подъезд

Atelye, uyezd, televideniya, razyezd, syezd

Atelye, pyesa uyezd, televideniye, razyezd, syezd

Ликёр, суфлёр, дублёр, дирижёр

Likor, suflor, dublor, dirijor

Likyor, suflyor, dublyor, dirijyor

Костюм, люк, люкс, салют, етюд, плюс, алюмений

Kastum, luks, salut, etud, plus, alumeniy

Kostyum, lyuk, lyuks, salyut, etyud, plyus, alyumeniy

Аккумулятор, изолятор, калькулятор, калькуляция, вентилятор

Akkumulator, kalkulator, kalkulatsiya, izolator, ventilator

Akkumulyator, izolyator, kalkulyator, ventilyator, kalkulyatsiya

So‘zlarni bo‘g‘inlarga bo‘lib, satrdan-satrga ko‘chirish qoidasiga rioya qilishda ham xatoliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Kompyuterni ayblab, so‘zni to‘g‘ri kelgan joyidan bo‘lib, bo‘g‘in ko‘chirish vaqtli matbuot sahifalarini “bezab” kelmoqda. Bu hol yangi imloda nashr etilayotgan darslik va qo‘llanmalarda ham kuzatilyapti. Yangi imlo qoidalarining 78-bandida “Bir tovushni ko‘rsatuvchi harflar birikmasi (sh, ch, ng) birgalikda ko‘chiriladi”, deyilgan qoidaga qat’iy rioya qilish lozim.

Yangi imlo qoidalarining 30-bandi 2-qismida “…metall, kilogramm, kilovatt, kongress kabi o‘zlashma so‘zlar oxirida, bir undosh aytilsa ham ikki harf yoziladi. Lekin bunday so‘zga xuddi shu tovush bilan boshlanadigan qism qo‘shilsa, so‘z oxiridagi bir harf yozilmaydi: metall+lar=metallar, kilogram+mi=kilogrami kabi” deyilgan. Nutqimizda shunday so‘zlarga boshqa qo‘shimchalar qo‘shilsa, o‘zak oxirida o‘zgarish yuz bermaydimi? Masalan, metalldan yasaladi – metaldan yasaladi, Paxtaning 1 (grammi) grami ham nobud bo‘lmaydi va hokazo. O‘zlashma so‘zlar tilimiz qonun-qoidalariga bo‘ysundirilishi kerak. Bizda esa hozirgacha aksincha bo‘lib keldi, tilimizni o‘zlashma so‘zlar talaffuziga moslab burab keldik.

So‘zlarga egalik qo‘shimchalarining qo‘shilishi bilan sodir etilayotgan xatolar (shaharimiz – shahrimiz ko‘rki, qoriningiz – qorningiz to‘qmi kabi).

Kelishik qo‘shimchalarini qo‘llash bilan bog‘liq xatoliklar (do‘stini uyi – do‘stining uyi, erkakga xos – erkakka xos, tirnoqga zor – tirnoqqa zor, tuproqga botdi – tuproqqa botdi).        

Qo‘shma otlar imlosi bilan bog‘liq xatolar (Pastdarg‘om – Past Darg‘om, Katta Qo‘rg‘on – Kattaqo‘rg‘on tumanlari).

Ham yuklamasining og‘zaki nutqda qo‘llanganidek yozish bilan bog‘liq xatolar (onasiniyam hurmat qilmaydi – onasini ham hurmat qilmaydi).

O‘ va g‘ harflari bilan ishlatiladigan o‘tish belgisi o‘rnida (’) tutuq belgisi yoki boshqa belgilarni qo‘llash bilan bog‘liq xatolar (o’g’il, to`g`ri – o‘g‘il, to‘g‘ri).

Fe’lning hozirgi zamon shaklini hosil qiluvchi -yap qo‘shimchasi oldidan og‘zaki nutqda bo‘lgani kabi -a qo‘shimchasining orttirilishi bilan bog‘liq xatoliklar (borayapti – boryapti, kelayapti – kelyapti).

Aniq miqdor ifodalovchi sonlardan so‘ng kelgan ot turkumiga xos so‘zga -lar ko‘plik qo‘shimchasini noto‘g‘ri qo‘llash bilan bog‘liq xatoliklar (o‘n nafar o‘quvchilar – o‘n nafar o‘quvchi, 100 dona kompyuterlar – 100 dona kompyuter). Shuningdek, mavhum otlarga -lar ko‘plik qo‘shimchasini qoshib ishlatish bilan bog‘liq xatolar (ko‘ngillarim aynidi – ko‘nglim aynidi, baxtlarini tiladi – baxtini tiladi).

Ehtiyoj bo‘lmagan hollarda ham matnda shevalarga xos so‘zlarni qo‘llash bilan bog‘liq xatolar (qishshi zo‘rg‘a o‘tqazishdi, maynasiga urdi).

O‘zlashma so‘zlar imlosi bilan bog‘liq xatoliklar (kompyuter - komputer, byudjet – budjet, kostyum kastum).

[u] va [o‘] tovushlarini farqlay olmaslik oqibatida yozuvda ularni chalkashtirib qo‘llash bilan bog‘liq xatolar (dukon – do‘kon, gusht – go‘sht).

H va x harflarining qo‘llanilishini farqlamaslik bilan bog‘liq xatolar (xammom – hammom, pahta – paxta, xamma – hamma, marxamat – marhamat, Zuxra – Zuhra).

Savodxonlik barcha zamonlarda va har doim ta’lim-tarbiyaning asosini tahkil etib kelgan. Takomillashtirilayotgan yangi alifbo va mukammal holatga keltiriladigan imlo qoidalarini chuqur o‘rganish davlat tilida ish yuritishni to‘g‘ri tashkil etish, umummilliy savodxonligimizni ta’minlash va yanada oshirish uchun xizmat qiladi.

Aslini olganda, og‘zaki va yozma ravon savodxonlik yuksak madaniyatlilikning muhim belgilaridan biridir. Ona tilida uning serjilo so‘z va iboralarini o‘z o‘rnida qo‘llab, ravon va ta’sirchan muloqot qila oladigan, imloviy, ishoraviy xatolarsiz, uslubiy g‘alizliklarsiz yozma nutq irod qila oladigan yuksak madaniyat egasi bo‘lish har bir ziyoli inson oldidagi eng muhim vazifadir. Shunga ko‘ra yangi alifbo va imlo qoidalarini qunt va sabot bilan o‘rganish, unga to‘la amal qilish faqatgina ona tili va adabiyot o‘qituvchilari, talabalar va  o‘quvchilarninggina vazifasi bo‘lib qolmasdan, barcha o‘qituvchilar, murabbiylarning, matbuot, matbaa va teleradio sohalari mas’ul xodimlarining, bir so‘z bilan aytganda, o‘zini ziyoliman deb hisoblaydigan barcha-barchaning kundalik va doimiy mashg‘uloti bo‘lmog‘i lozim.

Mardon Boltayev,

SamDU dotsenti.