Alifbo qachon takomiliga yetadi?
Uch yil atrofida muhokama, munozaralar qilinib, lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosiga kiritiladigan o‘zgarishlar masalasi hal bo‘lish arafasida. Oxirgi muhokama va uni tasdiqlash Oliy Majlis deputatlari ixtiyorida qoldi.
Garchi, muhokamalar tugab, navbat so‘nggi so‘zga kelgan bo‘lsa-da, masala o‘ta muhim bo‘lganligi tufayli munozara va turli xavotirlar tinganicha yo‘q. Bunga bir qator sabablar bor, albatta.
Birinchi xavotir, yangi alifboni qariyb o‘ttiz yildan beri o‘rganishni istamay kelayotgan katta yoshli kishilarda sezilmoqda. Birdan yangi alifboga o‘tilsa, qanday ishlayman, degan xavotirda kiril alifbosini afzal, deb bilmoqda. Bunday kishilar uzog‘i bilan yana 5-6 yil ichida o‘z o‘rnini yangi alifboda savod chiqargan va ish yuritishga tayyor turgan yoshlarga bo‘shatib berishi lozimligini tan olmayotganlardir. Yangi alifboning takomillashtirilishiga to‘siq bo‘lgandan ko‘ra, mamlakatimizning rivojlanishini ta’minlashga bel bog‘lagan yoshlarimizga mustaqil, ijodkorlik va tashabbuskorlik bilan harakat qilishlari uchun yo‘l berish, ularni qo‘llab-quvvatlash lozim.
Ikkinchi xavotir, alifboni isloh qilib, uni amalda joriy etishga, ya’ni shiorlar, bannerlar, ko‘rsatkichlar, gazeta, jurnallar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari, hujjatlarni almashtirish, xodimlarni o‘qitish va boshqa shu kabilarga ketadigan xarajatlar uchun “bir olam” mablag‘ sarflanishi lozim deb hisoblayotgan “hadikchi iqtisodchilarning” behuda bo‘rttirib tashvishlanayotganliklaridir.
Bu xavotir ham juda o‘rinli emas. Bunday ishlar uchun mablag‘ kerak. Albatta, kerak, ammo sizlar xavotir olayotganchalik juda katta miqdorda emas. Shuni unutmaslik kerakki, kelajak avlod uchun qilinayotgan bu islohot kelgusida katta muvaffaqiyatlarga poydevor bo‘ladi.
Bu dunyoda hech narsa abadiy emas, hamma narsa muvaqqat va olg‘a harakatda. Shahar-u qishloqlarimizni bezab turgan shiorlar, bannerlar, ko‘rsatkichlar, reklama va e’lonlar ma’lum muddatdagina xizmat qiladi, muddati o‘tab bo‘lingach, ular o‘rniga boshqalari yangi alifboda chiroyli qilib chiqarib qo‘yilaveradi. Mamlakatimizda chop etib kelinayotgan davriy nashrlar – gazeta va jurnallar bosqichma-bosqich yangi alifbo va imloga o‘tkazilmoqda, maktab darsliklari va o‘quv qo‘llanmalar belgilangan muddatlarda qayta nashrdan chiqariladi.
Endi yuritilayotgan hujjatlarni almashtirish masalasiga kelsak, bu ham u qadar murakkab emas. Chunki, barcha hujjatlarni birato‘la almashtirish shart emas. Arxivlarimizdan hozirda ham arab yoki lotin alifbosidagi hujjatlardan nusxa olib foydalanilmoqda. Kutubxonalarimizda arab, lotin, kiril alifbolarida bosilgan nodir asarlar jamiyatimiz taraqqiyotiga beminnat xizmat qilib kelmoqda.
Keling, bu xavotirlarga aslo o‘rin yo‘qligini yanada aniqroq misollar yordamida ko‘rib o‘taylik.
1995-yil 5-mayda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan amaldagi lotin yozuviga asoslangan yangi alifbomiz: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, O‘o‘, G‘g‘, SHsh, CHch, Ngng harflari va harf birikmalaridan iborat. Bu harflarga ko‘zimiz o‘rganib qolgan. Shundan atigi 2 ta harf va 3 ta harflar birikmasining o‘zgartirilishi taklifi ilgari surilmoqda, yanada soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, O‘o‘, G‘g‘, SHsh, CHch, Ngng harflarining qo‘llanishidagi g‘ayriodatiy holatlardan qutulish uchun ularga tuzatishlar kiritilmoqda.
Qarang: O‘o‘ harfi Ōō shakliga, G‘g‘ harfi Ḡḡ shakliga (bu ikkala harfning korinishi yozma ko‘rinishlariga yaqinlashtirilgan), SHsh harflar birikmasi Şş shakliga, CHch harflar birikmasi Çç shakliga, Ngng harflar birikmasi Ñň shakliga o‘tkazilishi maqbulligi haqidagi mulohazalar Davlat tilini rivojlantirish departamenti yig‘ilishlarida ma’qullanib, tasdiqlash uchun Respublika Oliy Majlisi muhokamasiga taqdim etildi. Bu o‘zgarishlar alifbomizdagi mavjud besh harfning ixchamlashishiga olib kelyapti. Ular tashqaridan boshqa biror bir harf bilan almashtirilayotgani yo‘q. Mana shu o‘zgarishlar bilan isloh qilingan va tasdiqlash uchun tavsiya etilgan lotin yozuviga asoslangan yangi alifbomiz quyidagicha ko‘rinish oladi: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, Ōō, Ḡḡ, Şş, Çç, Ñň.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti ishchi guruhi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti unversiteti professor-o‘qituvchilari, boshqa bir qator ilmiy va oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari, tilimiz jonkuyarlari tomonidan ishlab chiqilgan ushbu taklif juda to‘g‘ri, o‘rinli va tahsinga sazovor ish bo‘lgan.
O‘zgarishlar alifbomizdagi Oo harfi tepasiga qo‘shimcha belgi qo‘yish orqali Ōō harfi, Gg harfi tepasiga belgi qo‘yish orqali Ḡḡ harfi, Nn harfi tepasiga belgi qo‘yish orqali Ñň harfi, Ss harfi pastiga belgi qo‘yish orqali Şş harfi hosil qilinmoqda. Xo‘sh, shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi, Çç harfi uchun qaysi harf asos qilib olindi? Axir alifbomizda bunday harf yo‘q-ku?! Agarda alifbomizga ruscha baynalmilal so‘zlar orqali tilimizga kirib kelgan va o‘zlashib ketgan necha yuzlab so‘zlardagi kirilcha Цц harfi o‘rniga lotincha Сс harfi qabul qilinmayotgan ekan, shu harfning o‘zini hech qanday qo‘shimcha belgi, dum qo‘ymasdan CH harflar birikmasi o‘rniga qabul qilsak (chōmich), nima yo‘qotamiz? Yoki, Cc harfini ham (Цц o‘rnida) alifbomizga kiritib, unga qo‘shimcha belgi qo‘yib, taklif etilayotganidek CH o‘rnida Çç shaklida qo‘llasak, alifbomiz yanada mukammal harflarga ega bo‘lmaydimi?
Ming yillar davomida shakllanib, yuksak taraqqiy topgan tilimiz tovushlari orasida o‘ziga xos ohangdorlikka ega bo‘lgan, boshqa tillarda uchramaydigan burun undosh tovushini ifodalash uchun Ñň harfining alifbomiz tarkibiga kiritilishiga qarshi bo‘layotganlar ta’kidlaganlaridek, uning alifbo tarkibida bo‘lishi savodxonlikka putur yetkazmaydi. Aksincha, kiril alifbosida sakson yildan ko‘proq vaqtdan buyon yo‘l qo‘yib kelinayotgan imloviy xatolar, uslubiy g‘alizliklarga butunlay barham berish uchun xizmat qilishini tilshunos-mutaxassis sifatida qat’iy ta’kidlayman.
Mardon Boltayev,
SamDU kengashi ilmiy kotibi, dotsent.