BAA fondi ko‘magida yuqori texnologik operatsiyalar bajarildi

Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialida Birlashgan Arab Amirliklarining “NOOR-DUBAI” fondi moliyaviy ko‘magida tibbiy ko‘rik tashkil etilib, murakkab jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda.
Mazkur fond dunyo bo‘ylab ko‘z kasalliklarini davolash va oldini olish bo‘yicha dasturlarni, shu jumladan ommaviy skrininglar, bepul jarrohlik amaliyoti, ko‘z kasalliklarining oldini olish uchun dori-darmonlarni tarqatish va tibbiyot xodimlarini o‘qitish kabi vazifalarni amalga oshiradi.
“NOOR-DUBAI” ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan yaqin hamkorlik qilib, ko‘z kasalliklaridan aziyat chekayotgan yurtdoshlarimizga jarrohlik yo‘li bilan oftalmologik yordam ko‘rsatib kelmoqda.
– Fond yordamida tashkil etilgan navbatdagi muruvvat aksiyasi Toshkent shahida – Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida boshlanib, shu kunlarda Samarqandda, bizning muassasamizda davom etmoqda, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali direktori Botir To‘xtayev. – Bu yerda Samarqand, Buxoro, Navoiy va Jizzax viloyatlarida yashovchi, ko‘z kataraktasi xastaligiga uchragan bemorlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bajarilmoqda. Aksiyaning dastlabki kunida to‘rt viloyatdan kelgan 60 dan ortiq bemor operatsiya qilindi. Yana 50 nafarga yaqin bemorda bugun jarrohlik amaliyotlari o‘tkaziladi.
Fond vakillari va Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari ko‘rik davomida aholiga tibbiy maslahat va tavsiyalar ham bermoqda.
– Keyingi paytda ko‘zlarim og‘rib, ko‘rishda nuqson paydo bo‘layotgandi, – deydi Buxoro viloyatidan kelgan Obid Qurbonov. – Bugungi muruvvat aksiyasi doirasidagi ko‘rikda mutaxassislar chap ko‘zimda katarakta borligini aniqlab, operatsiya qilish kerakligini aytishdi. Eng muhimi, bu amaliyot bepul bajarilar ekan. Tibbiyot xodimlarining yuqori malaka va tajribaga ega ekanligini alohida ta’kidlashni istardim. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun davlatimizdan minnatdormiz.