Bahodir Yo‘ldoshev - milliy teatrimizning bosh muallimi

Atoqli rejissyor, xalq artisti, san’at arbobi, davlat mukofoti lauriati, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni va bir qator xalqaro mukofotlar sohibi Bahodir Yo‘ldoshev 75 yoshni qarshi olyapti.
Bahodir Yo‘ldoshev nomini bugungi kunda nafaqat san’at ahli, balki barcha teatr ixlosmandlari yaxshi biladi. Bahodir Yo‘ldoshev san’atning qattiq nonini tatigan, og‘ir yukini yelkasida ko‘targan, pastu balandidan mardona o‘tgan ziyoli oilada kamol topgani ham bu yo‘lga tasodifan emas, balki ijodkorga osoyishta hayot begona ekanini bilgan holda kirganidan dalolat beradi.
...San’atkorlik uning nasabida bor edi. Otasi Tursunboy Yo‘ldoshev o‘sha kezlari teatrda sozanda bo‘lib ishlagan, onasi Shirinxon Meliyeva esa aktrisa bo‘lgan. Bahodir Yo‘ldoshevning ijodiy kamolotida bu muhit hal qiluvchi omil bo‘lgani aniq.
Bahodir dunyoga kelgandan beri teatr bilan hamnafas. Tug‘ilibdiki, teatrda ko‘krak emib, teatrda tetepoya bo‘lib, teatrda ulg‘aydi. Ayniqsa, uch yoshga to‘lar-to‘lmas onasi Shirin Meliyeva Kattaqo‘rg‘on teatriga direktor etib tayinlangach, yotar-turar joyi teatr bo‘lib qoldi. Sekin-asta yosh bolalar obrazi bo‘lgan spektakllarda rol ijro etdi. O‘sha kezlari Zinnat Fatxullinning “G‘unchalar” pesasi ancha dovruq qozongan edi. Shu asarda personajlardan biri go‘dagini qutiga tashlab ketadi. Kattaqo‘rg‘on teatridagi spektaklda ana shu “tashlandiq bola” rolini Bahodir Yo‘ldoshev ijro etgandi.
Uning ilk “rejissyor”ligi ham bolaligidan boshlangan. Yettinchi sinflarda o‘qib yurgan kezlari Kattaqo‘rg‘on shahar madaniyat uyi qoshida ochilgan teatr studiyasida ilk bor Mixail Lermontovning “Maskarad” she’riy dramasini sahnalashtirdi.
O‘smirligida uning oldida “Kim bo‘lsam ekan?” degan savol yo‘q edi. U san’at institutida ajoyib o‘zbek rejissyori Toshxo‘ja Xo‘jayevdan saboq oldi. Leningrad katta drama teatrida mashhur san’atkor Georgiy Tovstonogov qo‘lida o‘qidi. Rejissyor va murabbiy Aleksandr Ginzburg bilan yonma-yon ishladi. Bu esa uning rejissyorlik mahorati oshishida katta yordam berdi, desak xato qilmagan bo‘lamiz.
U teatrga yetmishinchi yillarning boshlarida keldi. O‘sha paytdagi teatr va rassomchilik institutining rejissyorlik bo‘limini bitirayotgan yosh rejissyor sobiq Hamza teatrida ilk bor A.Dyumaning «Nel minorasi», M.Karimning «Oy tutilgan tunda», F.Shillerning «Qaroqchilar» asarlarini sahnalashtiradi.
Rejissyor keksa sahna ustalari va o‘rta avlod san’atkorlaridan eng yaxshi sifatlarni saqlab qola olgan holda va milliy an’nalarni buzmagan holda sahna asarlarini yaratdi. Shu o‘rinda Said Ahmadning «Kelinlar qo‘zg‘oloni» asarini misol qilish mumkin. Ushbu spektakl o‘zining milliyligi, rejissyorning milliy musiqadan unumli foydalanganligi, aktyorlarning emin-erkin xatti-harakatlari, sahna bezaklari bilan tomoshabinlarni o‘ziga maftun qildi va mehrini qozondi.
Bahodir Yo‘ldoshev shuningdek tarixiy asarlarga yangicha yondoshib, yangicha talqinda sahnalashtirishga ham qo‘l urdi. U Turob To‘laning «Nodirabegim» fojiaviy asarida XIX asr boshlarida yashab ijod etgan mashhur shoira Nodirabegimning poetik ijodini, fojiaviy hayotini obrazli qilib ochib berishda asar yechimini o‘ziga xos tarzda topa oldi.
Saksoninchi yillarning o‘rtalarida Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar» asari sahna yuzini ko‘rdi. Spektakl buyuk shoir va shoh Bobur hayotini yangitdan tiriltirgandek bo‘ldi. Har ikkala tarixiy asar rejissyorining teatrda milliy uslubdagi izlanishlarini ruyobga chiqargan spektakllar sirasiga kiradi.
B.Yo‘ldoshevning ijodi u qadar silliq kechgani yo‘q. Shuni aytish joizki, har bir qo‘ygan spektakli albatta biror mansabdor shaxs tomonidan «to‘g‘rilanar», teatr tanqidchilari esa unga «mos» ravishda o‘zlarining tanqidiy mulohazalarini bildirishar edi. Ayniqsa, «Kelinlar qo‘zg‘oloni» spektakli ustida ko‘p shov-shuvlar bo‘lgan. Muhokamada bunday spektakl bosh teatrda qo‘yilishi mumkin emas, degan fikrlar bildirilgan. Lekin, vaqt odil hakam deb bejiz aytishmagan. Yetmishinchi yillarda qo‘yilgan bu spektakl muvaffaqiyat bilan qabul qilindi va hali-hanuz televideniye orqali miriqib tomosha qilinadi.
1984 yili Bahodir Yo‘ldoshevni «Yosh gvardiya»ga (hozirgi drama teatri) badiiy rahbar qilib tayinlashdi. «Milliy teatrdan nima uchun ketdingiz?» degan savolga u “Menga qiyinchiliklarni aylanib o‘tishdan ko‘ra, yengib chiqish afzalroq” degan edi.
Sahnada «Maysaraning ishi» asarining qo‘yilishi kutilmagan yangilik bo‘ldi. Hozir ortga, 80-yillarga nazar sola turib, bu asar bejiz qo‘yilmagan ekan, degan xulosaga kelamiz. Bu spektakl «Navro‘z-87» Markaziy Osiyo festivalida oliy mukofotga sazovor bo‘ldi.
B.Yo‘ldoshev butunjahon teatr mutaxassislari nazariga tushdi. U Kaliforniya (AQSh) akademiyasi haqiqiy a’zoligiga saylandi.
1997 yildan boshlab mamlakatimizda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib qoldi. Ikki yilda bir bo‘ladigan bu musiqa bayramining ochilish marosimida ulug‘vor Registon maydonida teatrlashtirilgan katta ommaviy tomosha qo‘yish ham urf bo‘lib, uni sahnalashtirish muttasil Bahodir Yo‘ldoshev zimmasiga yuklanmoqda. Bu marosimlar shunchaki bir tomosha emas. Har safargi tomosha biri-birini takrorlamaydigan, mahobatli spektakllardir. Ana shu spektakllardan ikkitasini alohida ajratib ko‘rsatish mumkin. Ulardan biri 2001 yili sahnalashtirilgan “Buyuk ipak yo‘li” tomoshasi. Keyingisi esa 2003 yilgi “Shashmaqom” deya shartli nomlangan badiiy xoreografik kompozitsiyadir.
Bahodir aka viloyatimizda yuqori saviyada o‘tgan buyuk olim munajjim Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi, Xo‘ja Ahrori Valiy hazratlarining qutlug‘ sanalariga bag‘ishlangan tantanalarning teatrlashtirilgan tomoshalariga rejissyorlik qildi. Viloyat musiqali teatri, Kattaqo‘rg‘on drama teatri, rus drama teatrida davr ruhi, tomoshabin didiga mos spektakllar sahnalashtirishga ham vaqt ajratdi.
B.Yo‘ldoshev loyihasi asosida Kattaqo‘rg‘onda qadimiy tomoshagoh - Amfiteatr barpo etildi.
Ayni kunda B.Yo‘ldoshev o‘zi ochgan «Diydor» teatr studiyasining badiiy rahbari sifatida jo‘shqin faoliyat yuritmoqda. Studiyada o‘zbek teatrining kelajakdagi vorislari kamol topishayotir.
...1995 yilning yoz oylari. Kattaqo‘rg‘onlik san’at muxlislari, respublikamizning ko‘pgina shahar, tumanlaridan tashrif buyurgan mehmonlar shahar teatriga jam bo‘lishgandi. Shu kuni muhtasham binoda san’at faxriysi Tursun Yo‘ldoshevning muborak 85 yoshligi, u kishining sadoqatli rafiqasi, O‘zbekistan Xalq artisti Shirin Meliyevaning kutlug‘ 75 yoshi, ularning suyukli farzandlari, taniqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshevning 50-bahori tantanali nishonlangandi.
Ha, e’zozli, e’tiborli san’atkorlar oilasining egizak to‘ylari tom ma’nodagi shodiyonaga aylangandi.
...Oradan yillar o‘tdi. Bugun Tursun ota ham, Shirin aya ham oramizda yo‘q. Ularning farzandlari Bahodir esa har gal Kattaqo‘rg‘onga kelganda, eng avvalo, “Eshonmozor” qabristoniga oshiqadi, padari buzrukvori va volidai muhtaramasi qabrini ziyorat qiladi.
Ota-onalari, boboyu momolarining ushalmagan orzu armonlarini sulolaning sodiq farzandlari - Bahodir, Bobur Yo‘ldoshevlar, kelinlar ruyobga chiqarmoqda.
Abduaziz Hoshimov,
O‘zbekiston Jurnalistlari va Teatr ijodkorlari uyushmalari a’zosi.