Deputat ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi muammolarni o‘rgandi

49-Ravonak saylov okrugidan xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan deputat Narziqul Xoliqov Samarqand tumanidagi Talibarzui poyon mahallasi aholisi bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Deputat mahalladagi ta’lim muassasalarida ta’lim sifati, kambag‘allikni kamaytirish borasidagi saylovchilar fikri va takliflarini tingladi.
Fuqarolarning Bog‘itilla mahallasidagi 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga olib boruvchi yo‘lning yaroqsiz holga kelib qolgani, o‘quvchilarning maktabga kelib-ketishi uchun piyodalar yo‘lagi mavjud emasligi, 32-maktabgacha ta’lim tashkilotini gaz tarmog‘iga ulash hamda maktab va MTT sinfxonalarini kuzatuv kameralari bilan jihozlash talablari o‘rganildi. O‘rtaga tashlangan masalalar yuzasidan N.Xoliqovning viloyat hokimligiga deputat murojaati yo‘llanadigan bo‘ldi.
Shundan so‘ng ushbu mahallada istiqomat qilayotgan nogiron fuqarolarga nogironlik aravachalari topshirildi. Kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj 6 nafar yurtdoshlarimiz holidan xabar olindi. Ushbu fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari tortiq qilindi hamda ularning oilaviy tadbirkorlik - tikuvchilik, dehqonchilik bilan shug‘ullanishlari uchun ko‘maklashishga kelishildi.