Ekologik muammolar va xavfsizlik: Samarqandda xalqaro muloqot maydoniga aylandi
Samarqand davlat arxitektura-qurilish universitetida «Ekologik xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish va favqulodda vaziyatlarni boshqarish integratsiyasi: inson va tabiatni himoya qilishga integratsiyalashgan yondashuv» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tmoqda.
Universitetning 60 yillik yubileyi hamda 28 aprel — Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur anjumanda O‘zbekiston, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus va boshqa davlatlardan yetakchi olimlar, ekspertlar va amaliyotchilar ishtirok etmoqda.
Ta’kidlanganidek, bugungi global sharoitda ekologik muammolar, ishlab chiqarishdagi xavfsizlik hamda favqulodda vaziyatlar xavfini boshqarish masalalari tobora murakkablashib bormoqda. Iqlim o‘zgarishi, sanoat rivoji va urbanizatsiya jarayonlari inson va atrof-muhit o‘rtasidagi muvozanatni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan, mazkur konferensiya dolzarb muammolarga kompleks yondashuvni shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
- Ushbu konferensiyada soha vakillari ekologik xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish, sanoat xavfsizligi, energiya samaradorligi, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va boshqarish yo‘nalishlarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan o‘rtoqlashmoqda, - deydi universitetning mehnat muhofazasi va salomatlik muhandisligi kafedrasi mudiri Zikrullo Yasakov. - Uch kun davomida anjuman doirasida yalpi majlislar, shu’ba yig‘ilishlari, ilmiy muhokamalar hamda tajriba almashish sessiyalari tashkil etiladi. Tadbir davomida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xavflarni baholash va boshqarishning zamonaviy usullari, shuningdek, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilinadi.
Ushbu anjuman nafaqat ilmiy natijalarni taqdim etish maydoni, balki turli sohalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va integratsiyalashgan yechimlarni ishlab chiqish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur tadbir barqaror rivojlanish tamoyillarini ilgari surish, inson salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan ilmiy va amaliy yondashuvlarni uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.