G‘o‘slik yosh huquqshunos AQShda migratsiya muammolarini tadqiq etmoqda
Muhammad Haqberdiyev Urgut tumanining G‘o‘s qishlog‘idan. U 2022 yilda O‘zbekiston jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining xalqaro huquq fakultetida tahsil olgan.
Hozirda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining AQShdagi koordinatori sifatida valontyorlik faoliyatini amalga oshirmoqda.
Muhammad assotsiatsiyaning dunyo mamlakatlaridagi immigratsiya bilan bog‘liq jarayonlar va unda huquqni qo‘llash sohasidagi masalalar tadqiqiga oid “Musofir” mobil ilovasini ishlab chiqqan. Shuningdek, “Xavfsiz migratsiya” hamda “Sayyor qabullar” loyihalari doirasida xorijdagi yosh o‘zbekistonliklarning huquqiy holati hamda yuzaga kelayotgan muammolari o‘rganilib, immigratsiya va yoshlar sohasidagi tashkilotlar bilan diplomatik hamda ishchi aloqalar o‘rnatilishi uchun izlanish olib boryapti. Hozirga qadar u yaratgan loyihalar natijalaridan xorijdagi yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda foydalanib kelinmoqda.
- AQShdagi tadqiqotlarim O‘zbekistonda 2020 yillarda boshlangan izlanishlarning davomi bo‘lib, ular asosan migratsiyada inson huquqlarini himoya qilish, yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish tizimlarini yaratishga qaratilgan, — deydi Muhammad Haqberdiyev. — Bu borada, ayniqsa, “Sayyor qabullar” loyihasi asosida olib borilgan izlanishlar alohida ahamiyatga ega. 2022 yilda Janubiy Koreyada bo‘lib, Seul, Kvanju, Chonan va Tejon shaharlaridagi o‘zbek muhojirlarining muammolarini o‘rgandik. Buning natijasi o‘laroq, takliflar ishlab chiqib, bir qator tashkilotlarga kiritdik. 2021 yilda Rossiya Federatsiyasining Moskva, Sankt-Peterburg va Qozon shaharlarida xuddi shu masalada tashrif buyurgan delegatsiya tarkibida muhojirlarimiz duch kelayotgan muammolarni o‘rgandik va daxldor tashkilotlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘ydik.
- Ilmiy tadqiqotlaringiz mohiyati, o‘ziga xos jihatlari nimada? Ularning natijalari haqida nimalar deya olasiz?
- Tadqiqotlarimga asosan talabalik yillarimda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti qoshidagi “Yosh huquqshunoslar” klubiga a’zoligim turtki bo‘lgan. Bu davrda biz ko‘p marta deputatlar va xorijiy tashkilotlar vakillari bilan uchrashganmiz. Shu uchrashuvlardan biri — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tashkil etilgan muhokamada ustozlarimiz va soha mutaxassislari tomonidan migratsiya va immigratsiya huquqi sohasida borayotgan jarayonlar, ayniqsa, O‘zbekiston nuqtai nazaridan tadqiq qilish dolzarblashayotgani ta’kidlangan edi. Shundan mening ilk izlanishlarim boshlandi.
Ishning eng qizg‘in payti “Xavfsiz migratsiya” loyihasi treninglarining viloyatlararo borishi bo‘lgan, deya olaman. Bunda migratsiya jarayonlarini tartibli tashkil etishga yo‘naltirilgan “4 modul” o‘quv dasturini yoshlar yetakchilari va yoshlarga o‘qitganmiz.
Yoshlarimiz asosan mehnat va ta’lim migratsiyasiga chiqib ketgan. Ularning katta qismi Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreyada. “Sayyor qabullar” va “Xavfsiz migratsiya” loyihalarining birgalikdagi natijasi o‘laroq, mamlakatimizdagi 10 mingga yaqin yoshlar yetakchilarini biz ishlab chiqqan xorijdagi yoshlar bilan ishlash tizimiga o‘tkazish orqali 268 ming nafar yoshlar bilan aloqa o‘rnatish va ko‘pchiligining muammolarini yechishga muvaffaq bo‘lganmiz.
Tajribamiz shuni ko‘rsatadiki, xorijga ta’lim olish uchun ketuvchilar asosan ikki turga bo‘linib qolgan. Birinchisi, nufuzli OTMlarga intiluvchilar. Ular yuqori salohiyatga, til bilimlari va har tomonlama keng dunyoqarashga ega va muammolarga duch kelish ehtimoli juda past. Ikkinchisi, o‘rta yoki past mavqeli OTMlarga ketuvchilar. Aksariyatining til bilimi darajasi past. Oliygohga o‘qishga kirishda odatda konsalting firmalari xizmatidan foydalanishadi. Ular ketma-ket yuzaga keluvchi muammolar girdobida qolishi mumkin.
“Musofir” mobil ilovasi haqida batafsilroq to‘xtaladigan bo‘lsak, unda asosan xorijdagi mehnat va ta’lim migratsiyasida bo‘lgan fuqarolarimizga xorijga chiqish jarayonlari va qoidalar to‘plami sifatida davlatlar kesimida ma’lumotlar bazalarini shakllantirib berganmiz. Loyihamizga og‘ir vaziyatda qolgan vatandoshlarimizga xayriya mablag‘larini to‘plash orqali yordam berish funksiyasi ham qo‘shildi.
Nusrat BOBOYeV.