Iqtisodchi ombor mudiri bo‘lolmaydi

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 198-moddasi talabiga ko‘ra, xodim ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy zararni to‘lashi shart.
Bevosita yetkazilgan haqiqiy zarar deganda ish beruvchining mavjud mol-mulki (shu jumladan ish beruvchi uchinchi shaxslardan ijaraga olgan mol-mulk) amalda kamayganligi yoki yomon holatga kelganligi, shuningdek ish beruvchining ortiqcha to‘lovlar qilish zarurati tushuniladi. Xodim ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy zarar uchun ham, ish beruvchi boshqa shaxslarga yetkazilgan zararni to‘lashi natijasida kelib chiqqan zarar uchun ham moddiy javobgar bo‘ladi.
Ba’zan shunday holatlar bo‘ladiki, xodim bilan moddiy javobgarlik yuzasidan shartnoma tuzilmaydida, moddiy javobgarlik yuklatiladi.
Masalan, A. ismli shaxs korxonaga iqtisodchi etib qabul qilingan bo‘lsa-da, u omborxona mudirligiga tayinlangan. Omborxonada ayrim mol-mulklar yetishmaganligi uchun A. ismli shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Bu misoldan ko‘rinib turibdiki, ish beruvchi xodimni aslida omborxona mudiri vazifasiga qabul qilishi u bilan moddiy javobgarlik bo‘yicha shartnoma tuzishi, omborxonadagi jihozlarni unga topshirishi kerak edi.
Feruz Karimov,
fuqarolik ishlari bo‘yicha
Samarqand viloyat sudining
katta mutaxassisi.