Narpayda Samarqand davlat chet tillar institutining “Mintaqa til o‘qitish markazi” filiali ochildi

Bugun Narpay xizmat ko‘rsatish texnikumida tashkil etilgan Samarqand davlat chet tillar instituti “Mintaqa til o‘qitish markazi” filiali ochildi. Shu munosabat bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda Samarqand davlat chet tillar instituti rektori I.To‘xtasinov, Narpay tumani hokimi Sh.Rahmonov ishtirok etib, narpayliklarni yaratilayotgan bunday imkoniyatdan oqilona foydalanishga chorladi.

Chekka tuman va qishloqlardagi yoshlarning bandligini ta’minlash hamda ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida tashkil qilingan ushbu markazda abituriyentlar uchun barcha qulayliklar yaratilib, zamonaviy jihozlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlandi. Markaz 200 dan ortiq abituriyentga chet tillari, ijtimoiy-gumanitar hamda aniq va tabiiy fanlarni o‘qitishga mo‘ljallangan.

Ushbu o‘quv markazi har kuni ikki navbatda faoliyat olib boradi. Unda 10 dan ortiq malakali til mutaxassislari hamda fan o‘qituvchilari abituriyentlarga saboq beradi.

Kelgusida mazkur mintaqa til o‘qitish markazi filialida o‘quvchi-yoshlarni IELTS va SEFR xalqaro hamda milliy sertifikatlarga o‘qitish kurslarini yo‘lga qo‘yish ham rejalashtirilgan.