Navoiy “Xamsa”si jahon adabiyotining eng yirik namunalaridan biri sifatida har tomonlama tahlil va tadqiqqa munosib

Joriy yilning 6 noyabr kuni soat 10:00 da Samarqand davlat universitetida «Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi va ularning Sharq adabiyoti taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusida onlayn xalqaro ilmiy-nazariy anjumani tashkil etish rejalashtirilgan.
Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi oldidan uyushtirilayotgan ushbu anjumanda Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston kabi davlatlar hamda mamlakatimizning adabiyotshunos hamda tilshunos olimlari qatnashishi kutilmoqda.
Musulmon Sharqi epik poyeziyasi tarixi va tadrijiy taraqqiyoti xamsachilik an’anasi bilan chambarchas bog‘liq. Nizomiy va Amir Xusrav Dehlaviydan boshlangan bu an’ana zamirida deyarli 8 asrga yaqin vaqt davomida yuzlab dostonlar yaratildi. Bu dostonlarni turli madaniyat vakillari o‘z xalqi badiiy tafakkurining ajralmas va muhim qismi sifatida o‘rganib kelmoqda, tadqiq etmoqda. Forsiy tilda yozilgan dostonlarni adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan tadqiq ob’yektiga tortishda birinchi e’tiborni Nizomiy beshligiga qaratish kerak bo‘lsa, turkiy adabiyotdagi xamsanavislik tarixini Alisher Navoiyning “Xamsa”si bajaradi. Chunki dostonlardagi asosiy g‘oya va yo‘nalish, ulardan kelib chiqadigan xulosalarning tub ildizlari aynan ana shu ikki mutafakkirga borib taqaladi.
Hozirgi islohotlar jarayonida o‘tmish ma’naviy merosini jahon ilmi andazalari asosida tadqiq va tahqiq etishga alohida e’tibor qaratilgan. XX asrning oxiri va yangi asrning o‘tgan yillari davomida o‘zbek, rus, tojik, ozarbayjon, turkman va boshqa xorijiy adabiyotshunoslik markazlarida xamsanavislik tarixi va she’riyati, xususan, Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Xoji Kirmoniy, Abdurahmon Jomiy, Ashraf Marog‘aviy va Alisher Navoiy kabi Sharq adabiyotining yetuk namoyandalari adabiy merosi, ularning xamsanavislik an’anasi shakllanishi va taraqqiyotiga qo‘shgan hissasiga doir ancha e’tiborli ishlar amalga oshirildi. Endilikda ularning komparativistik tadqiqini amalga oshirish jahon adabiyotshunosligining dolzarb masalalaridan biriga aylandi.
Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy umumbashariy madaniyat xazinasidan munosib o‘rin olgan o‘lmas asarlarini aynan ona tilimizda yaratib, uning shuhratini butun dunyoga tarannum etdi. O‘zbek tilida yaratilgan ana shunday noyob durdonalardan biri Alisher Navoiyning “Xamsa”si bo‘lib, bu beshlik haqli ravishda jahon adabiyotining eng yirik namunalaridan biri sifatida har tomonlama tahlil va tadqiqqa munosib.
Ilmiy-nazariy anjumanni tashkil etish doirasida temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi xususida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar jamlandi. Jumladan, XV asr Xuroson adabiy muhiti va unda Jomiy hamda Navoiyning mavqei, Abdurahmon Jomiy adabiy merosi va she’riyati xususida qator ilmiy-nazariy maqolalar ilm-fanga taqdim etilishi maqsad qilingan.
Mazkur anjumanda “Xamsa”larda tasavvufiy ohanglar, jahon adabiyotida “Xamsa” g‘oyalarining o‘rni, adabiy matnshunoslik: nashr, tarjima, ilmiy tahlil va talqin muammolari, “Xamsa”larda til va uslub masalalari nuqtai nazaridan berilgan ilmiy qarashlar muhokama etiladi.
Nazmiya MUHIDDINOVA,
SamDU dotsenti.