Oliy sudning Farg‘ona viloyatidagi sayyor uchrashuvida 12 ta oila yarashtirildi
Oliy sud raisining o‘rinbosari X.Yodgorov va Oliy sud sudyalari 2019 yil 22-23 iyun kunlari Farg‘ona viloyati So‘x tumani, Qo‘qon va Quvasoy shahrida xalq bilan ochiq muloqot va sayyor qabullar o‘tkazdi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.
O‘tkazilgan sayyor qabullarda jami 205 nafar fuqaroning jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha, shuningdek, boshqa ijtimoiy masalalar yuzasidan murojaatlari o‘rganib chiqildi.
Sayyor qabulda kelib tushgan murojaatlarning 44 tasi joyida hal qilindi, 30 nafar fuqaroning nazorat tartibida shikoyati, 8 nafar fuqaroning da’vo va boshqa turdagi arizalari hamda 2 ta tashakkurnoma qabul qilindi. Qolgan 121 ta murojaatlar yuzasidan fuqarolarga tegishli huquqlari tushuntirildi.
Xususan, sayyor qabullarda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni o‘tayotgan 31 nafar fuqarolarga nisbatan ishlar sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilib, ular jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Shuningdek, tuman, shahar hokimligi xotin-qizlar qo‘mitasi, “Oila” ilmiy amaliy markazi bilan hamkorlikda jami 70 dan ortiq notinch oilalardagi er-xotinlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. “Farzand omonat” va “Ota” nomli qisqa metrajli videofilmlar namoyish etildi.
Ajralish oqibatidagi oilalar fojiasi aks etgan filmlar yig‘ilganlarni befarq qoldirmadi Natijada ajrashish yoqasida turgan 12 nafar oila yarashtirishga erishildi.
1 nafar fuqaro murojaati joyida hal qilinib, tibbiyot muassasiga ishga tiklandi.
Bundan tashqari, Quvasoy shahar, “Arsif” MFY guzarida 50 nafardan ortiq fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, ularning kelib chiqish sabablari va oldini olish masalalari muhokama qilinib, uy-joy, meros, oila va boshqa turdagi nizolar yuzasidan muloqotda ishtirok etayotgan fuqarolar tomonidan berilgan savollarga Oliy sud sudyalari tomonidan huquqiy tushuntirishlar berildi.