"Oltin vasvasasi"ga chek qo‘yiladi
Inson yaralibdiki, uni oltin va boshqa qimmatbaho metallar ohanrabodek o‘ziga tortib kelgan. Unga mahliyo bo‘lib, shu yo‘lda umri xazon bo‘lganlar qancha. Bunga tarix guvoh. Oltin vasvasasiga tushib, yurtidan, hatto urug‘-aymog‘idan kechganlar xususida kitoblar yozilgan, badiiy filmlar yaratilgan. Bu "sariq iblis"ga mubtalo bo‘lish bugungi kunda ham avjiga chiqsa chiqqanki, aslo susaygan emas. O‘zaro urush va nizolarga, qotilliklarga sabab bo‘layotgan oltin vasvasasiga uchrash afsuski, yurtimizda ham ro‘y berib turganligini yashirib bo‘lmaydi. Ayniqsa, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida noqonuniy qazib olishga bo‘lgan urinishlar keyingi paytlarda biroz ko‘payganini aytish joizdir.
Xo‘sh, bunga nimalar sabab bo‘layotir? Buning asosiy sababi miqdor va sifat jihatidan sanoat usulida qazib olish ob’yekti hisoblanmaydigan yer qa’ri uchastkalarida qimmatbaho metallarni nosanoat usulida qazib olish bilan qonuniy shug‘ullanish imkoniyatining mavjud emasligi hisoblanadi.
Endi mana bu ma’lumotlarga e’tiborni qaratamiz.
O‘zbekiston yerosti boyliklari bilan haqli suratda faxrlansa arziydi. Bu yerda mashhur Mendeleyev davriy jadvalining deyarli barcha elementlari topilgan. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar 2,7 mingdan ziyod turli foydali qazilma konlari va ma’dan bo‘lgan istiqbolli joylar aniqlangan. Masalan, oltin zaxiralari bo‘yicha respublikamiz dunyoda to‘rtinchi o‘rinda, uni qazib olish bo‘yicha yettinchi o‘rinda turadi. Mamlakatimiz konlarida oltin tozalashda affinaj (eng sof metall olish) jarayonining zamonaviy texnologiyasi joriy etilgan. Natijada oliy tovar ko‘rinishiga ega bo‘lgan, soflik darajasi "to‘rtta to‘qqiz"ga teng asl oltin olinmoqda.
Keyingi yillarda Samarqand va Toshkent viloyatlarida oltin rudali konlar aniqlandi va qidirib topilmoqda. Qizilqum mintaqasidagi barcha oltin konlarining muhim xususiyati shundan iboratki, rudaning tarkibidagi oltin ko‘p miqdorda bo‘lib, u ochiq usulda qazib olinadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, respublikamizning ayrim hududlarida oltin yerda sochilib yotgan bo‘lmasa-da, uni "yig‘ishtirib" olish imkoniyatlari mavjud. Ammo bu istagan kishi xohlagancha qimmatbaho metallarni "terib" olishi mumkin degani emas. Har joyning toshu tarozisi, darvozasi bo‘lgani kabi nodir metallarning ham egasi bor. Bu davlat va xalq hisoblanadi. Biroq ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, mamlakatimizning ayrim hududlarida ijtimoiy tanglikning ko‘payishi, qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish davom etayotganligi bilan bog‘liq bo‘lgan kriminogen vaziyatlar yomonlashishi kuzatilmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda Navoiy, Samarqand va Buxoro viloyatlarida noqonuniy ravishda qimmatbaho metallarni qazib olish tizimli tus olgan bo‘lib, ularning yashirincha aylanishi va chet ellarga olib chiqib ketilishi kuzatilmoqda. Masalan, 2015 yildan 2018 yilning o‘tgan o‘n oyi davomida oltin va boshqa qazilma boyliklarini noqonuniy qazib olish bo‘yicha 547 nafar shaxsga nisbatan 214 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu esa xalqning rizqi kesilyapti, boyligimiz o‘zgalarning cho‘ntagiga tushyapti degani. Natijada yiliga o‘rtacha 1 tonnaga yaqin oltin qazib olinyapti. Ayni mavsum pallada o‘n ming odam shu ish bilan shug‘ullanmoqda. Bu esa davlat iqtisodiyotiga jiddiy ziyon yetkazmoqda.
Bugina emas, noqonuniy ravishda oltin qazib olish chog‘ida shikastlanishlar va o‘lim holatlari sodir bo‘lmoqda. Paxtachi tumanidagi Qoraqo‘ton tog‘i, Qo‘shrabot tumanidagi Zarmitan hududida ro‘y bergan ayanchli holatlarni yodga olish kifoya. Endi bunday o‘zboshimchaliklarga, xalq boyligini talon-taroj qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishni tadbirkorlik turi sifatida rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, yer qa’ri uchastkasini samarali o‘zlashtirish, shuningdek, oltin va zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 noyabrdagi "Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
– Unga ko‘ra, 2019 yil 1 martidan boshlab tadbirkorlik tavakkalchiligi asosida qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati joriy etiladi, – deydi "O‘zsanoatkontexnazoratinspeksiyasi"ning Samarqand mintaqaviy inspeksiyasi davlat inspektori Nuriddin Pirnazarov. – Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyati yer qa’ridan foydalanishning alohida turi hisoblanib, u yer qa’ri uchastkalarida amalga oshiriladi. Mazkur faoliyatni amalga oshirish uchun yer qa’ri uchastkalari, shu jumladan, o‘lchamlari 1 gektardan ortiq bo‘lmagan sochma oltin konlari taqdim etiladi. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya beriladi. Bunda qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlarni qazib olish huquqiga alohida litsenziya olish talab qilinmaydi. Bu huquqni qo‘lga kiritishda jismoniy va yuridik shaxslar talabgor bo‘lishlari mumkin. Litsenziya esa davlat geologiya va mineral resurslari qo‘mitasi tomonidan "E-IJRO AUKSION" elektron savdo maydonchasidagi elektron auksion yakunlari bo‘yicha 3 yil muddatga beriladi. Litsenziya berishning umumiy muddati istisno tariqasida o‘n kundan oshmaydi. Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga qo‘yishning boshlang‘ich narxi 7,5 million so‘mni tashkil qiladi.
Ha, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olishga ruxsat beriladigan yer qa’ri uchastkalari ro‘yxati har yili Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi taklifi asosida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
– Qarorda oltin izlovchilar huquqlari bilan bir qatorda ularga qo‘yilgan majburiyatlar ham bor, – deydi so‘zini davom ettirib Nuriddin Pirnazarov. – Ular quyidagilardan iborat. Litsenziya yoki yer qa’ri uchastkasidan (to‘liq yoki qisman foydalanish huquqini uchinchi shaxslarga berish (topshirish), shuningdek, bitta yer qa’ri uchastkasidan foydalanish litsenziyasini bir necha shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi. Oltin izlovchilar usulida qazib olingan qimmatbaho metallarni realizatsiya qilish "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ va "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" DKga, shuningdek, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga va yakka tadbirkorlarga kelishilgan narxlarda amalga oshiriladi.
Qimmatbaho metallarni yashirish, shu jumladan, uni 6 oy ichida realizatsiya qilmaslik, shuningdek, qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish chog‘ida ishlarni bexatar olib borish talablarining buzilishi oqibatida insonlarning og‘ir tan jarohati olishi yoki o‘limiga olib kelishi litsenziyani bekor qilish va mazkur faoliyat bilan shug‘ullanishni bir yil davomida cheklash uchun asos bo‘ladi. Yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqi tugatilgandan so‘ng, yer qa’ridan foydalanuvchilar zimmasiga yer qa’ri uchastkalarini rekultivatsiya qilish va ularni keyinchalik foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish majburiyati yuklangan. Mazkur qarorda belgilangan shartlarga rioya qilgan holda faoliyatni amalga oshiradigan shaxslar qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish qismi bo‘yicha barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlardan (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari) ozod etiladi.
Xullas, ushbu qaror bilan endi oltin va boshqa qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish, realizatsiya qilishga chek qo‘yiladigan bo‘ldi. Bu bilan nafaqat qimmatbaho metallarni noqonuniy qazib olish, balki nodir metallarning yashirincha aylanishi, oltin vasvasasiga yo‘liqqan ayrim kimsalarning shikastlanishi hamda o‘limi holatlarining oldi olinadi.
Adham HAYITOV,
"Zarafshon" muxbiri.