Ona tilidan yetarli darajada savodxon bo‘lmay turib, boshqa fanlarni o‘zlashtirish amri mahol
Jamiyat taraqqiyotining muhim belgilaridan biri bo‘lgan yozuv insoniyat tomonidan yaratilgan buyuk kashfiyotlar qatorida o‘zining bugungi taraqqiyot darajasiga yetgunicha necha ming yillar o‘tgan.
Yozuv orqali inson o‘zining makon va zamonda cheklanganlik holatiga barham bera olgan. Yozuv orqali biz ajdodlarimizning tarixi, madaniyati, ilmiy-adabiy merosi, aql-zakovati mahsuli bo‘lgan bebaho ma’naviy-ma’rifiy durdonalaridan bahramand bo‘lish bilan bir qatorda, zamondoshlarimiz yaratayotgan badiiy, ilmiy, tarixiy-madaniy boyliklardan kelajak avlodlarni ham bahramand eta olish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Shuning uchun ham yozuvning jamiyat rivoji, taraqqiyotida, inson hayotida tutgan o‘rni beqiyos.
Bugungi kunda savod, savodlilik, savodxonlik haqida gapirishga til ham bormaydigan bo‘lib qoldi. Bundan ko‘ra, savodsizlik haqida bahs yuritish osonroqdek tuyuladi, kishiga. Aslini olganda, dunyodagi barcha musulmonlarning muqaddas dini hisoblangan islom, Allohning qudrati va irodasini namoyon etuvchi Qur’oni karim insonlarga qarata nido qilingan o‘qish bilan bog‘liq. O‘qish esa o‘z-o‘zidan va hech shubhasiz, yozuvni, yozishni, yozish esa albatta, savodni, savodxonlikni talab etadi. Savodli, savodxon bo‘lish, nafslambrini aytanda, hamma ham amalga oshira oladigan oson ish emas.
To‘g‘risi, savod, savodlilik, savodxonlik masalalarini har kim har xil tushunadi. Hatto ayrim mamlakatlarda o‘ziga tanish alifbo harflarida yozilgan oddiy matnlarni o‘qishni bilgan odam savodli hisoblanadi. Ayrimlarida esa matnlarni o‘qish bilan birgalikda, yozishni ham bilgan odamgina savodli, deb tan olinadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, UNESKOning 1958-yil Parijda bo‘lib o‘tgan X sessiyasida dunyoning barcha mamlakatlarida savodlilik tushunchasini bir xil ma’noda qo‘llashni ta’minlash maqsadida ma’lum bir yozuvdagi matnni tushunib o‘qiydigan hamda o‘zining fikr-mulohazalarini yozma bayon eta oladigan kishilarni savodlilar qatorida hisoblashga kelishib olingan. Bugina emas, UNESKOning 1966-yil bo‘lib o‘tgan Bosh anjumanida “8-sentabr – Xalqaro savod tarqatish kuni” etib belgilab qo‘yilganligi ham bu masalaning dunyo miqyosida o‘ta dolzarb bo‘lib kelganligidan dalolat beradi.
Olimlar dunyoda ilm-fan, texnika, sport, madaniyat va boshqa zamonaviy sohalar juda tezlik bilan taraqqiy etib, rivojlanayotgan, axborot texnologiyalari takomillashib borayotgan, inson tafakkurining imkoniyatlari ham ana shunday tezkor yuksalib borayotgan bugungi kunlarda ham jamiyatda savodxonlikka bo‘lgan ehtiyojning ortayotganligiga qaramasdan, dunyo miqyosida savodlilik darajasi u qadar yuqori emasligini ta’kidlamoqda. Rivojlanayotgan mamlakatlarda aholining juda tez ko‘payayotganligi, bolalarning ta’lim tizimiga to‘liq qamrab olinmayotganligi, maorif sohasiga yetarli darajada e’tibor va mablag‘lar jalb etilmayotganligi oqibatida insonlar orasida savodlilik yanada pasayib ketayotganligi, hatto yuksak darajada rivojlangan mamlakatlarda ham savodsiz kishilar aholi qatlamining kattagina qismini tashkil etayotganligini nufuzli xalqaro tashkilotlar xavotir bilan qayd etmoqda.
Xalqimiz azaldan ilm-ma’rifatga, adabiyotga, kitobga, ta’lim-tarbiyaga, madaniyatga, san’atga, o‘git-maslahatga, ustoz-shogirdlik an’analariga alohida e’tibor va chuqur ehtirom bilan qaragan. Maktablar va madrasalarda diniy ta’lim dunyoviy ta’lim-tarbiya bilan uyg‘un olib borilgan. Agar shunday bo‘lmaganda edi, dunyo bo‘ylab bir necha bor yoyilgan uyg‘onish davrlarining asoschilari yurtimizdan yetishib chiqmagan va bu jarayon dunyo olimlari tomonidan yakdillik bilan e’tirof etilmagan bo‘lardi.
Ta’lim-tarbiya insonga yoshlikdan beriladi. Bu har doim e’tiborga olingan. Qadimgi davrlardan mamlakatimizning nafaqat markaziy va katta shaharlarida, balki kichik qo‘rg‘onlarida ham ko‘plab madrasalar faoliyat yuritganligining o‘zi fikrimizning yorqin isbotidir. Tarixiy va dovruqli shaharlardan uzoq bo‘lgan qishloqlarda ham masjidlar tarkibida bolalar va o‘smirlarga ta’lim-tarbiya beruvchi boshlang‘ich maktablar mavjud bo‘lgan. Shuning uchun ham mash’um Oktabr to‘ntarishigacha bunday ma’rifat o‘choqlarida ta’lim-tarbiya olgan yurtdoshlarimiz Qur’on, islom, hadis, fiqh, ilmi kalom, ilmi nujum, riyoziyot, handasa, jo‘g‘rofiya, arab va fors tillaridan yetarlicha xabardor bo‘lishgan. Xalqimiz diniy va dunyoviy adabiyot namoyandalari Nosiriddin Rabg‘uziy, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Bedil, Umar Hayyom, So‘fi Ollohyor kabi ko‘plab mutafakkir shoirlarning asarlarini asl nusxalarda o‘qib, tahlil etishgan, diniy, dunyoviy bilimlar bo‘yicha bahs yurita olgan.
Arab yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosi o‘rganilishi qiyin bo‘lishiga qaramasdan, qariyb 1300 yil iste’molda, qo‘llanishda bo‘ldi. Savod chiqarishdagi qiyinchiliklarni e’tiborga olib, buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan “Xatti Boburiy” ixtiro qilinganligi, farzandlari bilan shu yozuv orqali yozma muloqot qilganliklari ham bor gap. Yozuvlarning shaklidagi turli-tumanlik asrlar osha takomillashib borgan. Yozuvlardagi murakkabliklar mamlakatlar rivojlanishiga, taraqqiyotiga to‘sqinlik qilmagan. Bugungi kunda ham iyerogliflarga asoslangan yapon, xitoy, koreys kabi Janubiy Osiyo xalqlarining yuksak ijtimoiy, iqtisodiy, elektro-texnika sohasidagi taraqqiyoti bunga yaqqol misol bo‘ladi.
Mamlakatimiz umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litseylar, professional ta’lim muassasalari, oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan tahsilning asosini savodxonlik masalasi egallaydi. Chunki o‘quvchi, talaba ona tilidan yetarli darajada savodxon bo‘lmay turib, boshqa fanlarni chuqur, bugungi kun talablari darajasida o‘zlashtirishi amri mahol. Shu nuqtai nazardan qaraganda o‘qituvchilarimiz o‘quvchilar yoki talabalarga o‘tiladigan (faqatgina ona tili yoki adabiyot darslarida emas) har qanday fandan barcha nazariy va amaliy mashg‘ulotlarda ularning savodxonliklariga alohida e’tibor qaratishlari, og‘zaki yoki yozma nutqlarida kuzatilayotgan xato-kamchiliklarni o‘z vaqtida tuzatishga harakat qilishlari lozim.
Aslida O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunida “…Boshlang‘ich ta’lim umumiy o‘rta ta’lim olish uchun zarur bo‘lgan savodxonlik, bilim va ko‘nikma asoslarini shakllantirishga qaratilgan” bo‘lishi lozimligi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Ammo bu talab qanday bajarilayotganligi nazoratdan chetda qolayotganga o‘xshaydi. Davlat tasarrufidagi maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim muassasalaridan farqli o‘laroq, xususiy ta’lim muassasalarida yoshlarimiz ona tilida emas, asosan, xorijiy tillarda ta’lim olishmoqda. Ona tili, davlat tili esa ikkinchi darajaga chiqarib qo‘yilmoqda. Buni birgina o‘sha bog‘cha yoki maktablar peshanasiga rang-barang qilib osib qo‘yilgan ajnabiy tillardagi peshtoq yozuvlarining o‘ziyoq isbotlaydi.
Yozuv-chizuv, o‘qish bilan bog‘liq savodxonlikni imloviy-ta’limiy savodxonlik desak, uning turmush tarzimiz bilan bog‘liq yana bir turi borki, uni ma’naviy-ma’rifiy savodxonlik desak, xato bo‘lmaydi. Kundalik hayotimizda ma’naviy-ma’rifiy savodxonlik ham imloviy-ta’limiy savodxonlikdan kam ahamiyat kasb etmaydi. Bu holat qishloqlarimiz, qo‘rg‘onlarimiz, shaharlarimizning yuzi bo‘lgan ko‘chalar, maydonlar, istirohat bog‘larini bezab turgan shiorlar, ko‘rgazmalar, bannerlar, e’lon va reklamalarda o‘z ifodasini topadi. Ayniqsa, ko‘chalarning har ikki tomonini bir-biri bilan bahslashgandek to‘ldirib turgan va ajnabiy tillarda nomlangan turli do‘konlar, kichik korxonalar, restoranlar, oshxonalar, yemakxonalar, qahvaxonalarning almoyi-jalmoyi nomlari mana shunday “savodlilik”ning mahsuli bo‘lmoqda.
Dunyo hamjamiyati tomonidan mustaqil davlat sifatida tan olinganimizga o‘ttiz yildan oshganligiga qaramay, hali hanuz ism-shariflarimiz ellik yil oldin qanday “savodlilik” bilan Dadaxan, Kaxardjan, Turaxadja, Karjavov, Gavxaray, Guldjamal, Agzamov, Gaziyev, Bazarbayev, Maxamedov, Tagayev tarzida o‘ta g‘aliz yozilayotganini qanday tushunsa bo‘ladi? Bu ham ma’naviy-ma’rifiy savodxonligimiz yuksalmayotganligining bir belgisi emasmi?!
Ma’naviy-ma’rifiy savodxonligimizning qay darajada ekanligi televideniyeda berilayotgan e’lon va reklamalarda yanada kengroq bo‘y ko‘rsatmoqda. Har holda biz katta yoshlilar, ayollar, xotin-qizlar, norasida bolalar oldida har xil gap-so‘zlarni aytishdan ozgina bo‘lsa ham andisha qiladigan xalqmiz. Ammo do‘stlar davrasida, oilada, dasturxon atrofida televizor tomosha qilib o‘tirganingizda taniqli bir san’atkor ekranga chiqib, “gemarroy” dardidan tez qutulish uchun nimadan va qanday foydalanish yo‘llarini o‘rgata boshlaydi yoki saxti sumbati kelishgan bir juvon davraga otilib chiqib, faqat ayollar ishlatishi mumkin bo‘lgan bir tibbiy matohni tilidan bol tomib maqtay ketadi va endi uning erkin harakat qilishiga hech qanday noqulaylik va to‘siq rahna sola olmasligini sakrab, aylanib, chopib namoyish qiladi. Ana shu damda ayollar, bolalar, nevaralar, qizlar, kelinlar oldida o‘zingizni ham, ko‘zingizni ham qayerga yashishirishni bilmay qolasiz. Ana sizga ma’naviy-ma’rifiy savodxonlik, ana sizga ma’naviyat, ana sizga tibbiy ma’rifat. Radioning-ku, hamma kanallarida erkaklarning jinsiy ojizliklarini bartaraf etishga qaratilgan e’lon va reklamalar kuniga yuzlab marta takrorlansa kerak. Nahotki ayollarga kerakli narsalarni ayollarning o‘ziga, erkaklarga kerakligini erkaklarning o‘ziga, hammaga jar solmasdan, maxsus belgilangan vaqt va joylarda yetkazishning iloji topilmasa?
Yana asosiy mavzuga qaytadigan bo‘lsak, imloviy-ta’limiy savodxonlik alifbo bilan, u asosida ishlab chiqilgan imlo qoidalari bilan chambarchas bog‘liq jarayon. Nega mustaqilligimizning dastlabki yillarida (1993-yil) yangi alifboga o‘tish to‘g‘risida qonun qabul qilindi? Bunga asos bormidi? Bor edi, asos bor bo‘lganda ham jiddiy asoslar bor edi.
1929-yil O‘zbekistonda, o‘shanda bir qancha respublikalarda amalga oshirilgani kabi lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tilib, o‘n yildan ortiq foydalanilgan bu alifbodan 1940-yil may oyida majburiy qabul qilingan qonunga binoan uch oy ichida (iyun, iyul, avgust) kirill yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosiga shoshilinch ravishda o‘tib ketilgan. Bu alifbo asosida tayyorlangan “O‘zbek orfografiyasining asosiy qoidalari” 72 paragrafdan iborat bo‘lib, 1954-yil 4-aprelda tasdiqlangan. Bu qoidalar kirill alifbosida ish yuritayotgan aholi uchun hozir ham amalda.
Tilshunos olimlarimiz kirill alifbosi va u asosida tuzilgan imlo qoidalarida bir qator kamchiliklar borligini o‘tgan asrning oltmishinchi yillaridan beri ta’kidlab kelganlar. Bu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida bir necha bor o‘zbek tilining yangi imlo qoidalari loyihalari tayyorlanib, muhokama uchun matbuotda e’lon ham qilingan. Taassufki, ularni qabul qilishga o‘sha davrda hukmron bo‘lgan mafkura ruxsat bermadi va buning jabrini xalqimiz hali hanuz tortmoqda.
Mamlakatning mustaqilligini ko‘rsatadigan ramzlaridan biri bo‘lgan yangi o‘zbek alifbosiga nima uchun to‘liq o‘ta olmayapmiz degan savol ko‘pchilikni qiziqtiradi. Buning bir qancha obyektiv va subyektiv sabablari bor, albatta. Bunga mamlakatimiz, jamiyatimiz taraqqiyotini, kelajagimiz asosini yaratayotgan yoshlarimiz erishayotgan muvaffaqiyatlarni tan olmayotgandek tuyulayotgan ayrim kishilar, birinchi va asosiy sabab qilib, yangi o‘zbek alifbosidagi ayrim noqisliklarni ro‘kach qilib ko‘rsatmoqda va shu bahonada lotin alifbosi umuman yaroqsiz, mamlakatni savodsiz qiladi, degan o‘ta asossiz da’volarni bildirmoqda. To‘g‘risi, alifboda ayb ham, muammo ham yo‘q. Ayb ham, muammo ham o‘zimizda. Axir lotin alifbosi kashf etilganiga necha ming yil bo‘lgan. Bugungi kunda taraqqiy etgan yetmishdan ortiq mamlakatda dunyo aholisining o‘ttiz foizi shu yozuv asosidagi o‘z alifbolarini yaratib olgan va unga tayanib, ta’lim-tarbiya bermoqda, ish qog‘ozlari yuritmoqda, davlatlararo diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Yangi alifbomiz nafaqat yoshlarga zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanishda, shuningdek, chet elliklarga ham tilimizni tez va oson o‘rgatishda qo‘l keladi.
Alifbo tarkibidagi ayrim nuqsonlarga kelsak, ularni deb yangi zamonaviy alifbodan voz kechish emas, alifbodagi nuqsonlarni birgalikda bartaraf etib, mukammal alifbo tuzish yo‘llarini qidirishimiz kerak.
Ayrimlar maqtayotgan, voz kechishni istamayotgan, tilimiz tabiatiga unchalik ham mos kelmagan kirill alifbosida nuqsonlar bo‘lmaganda edi, undan voz kechilib, yangi alifboga o‘tish to‘g‘risida gap-so‘z ham bo‘lmagan, qonunlar ham, davlat dasturlari ham qabul qilinmagan bo‘lardi.
1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida” Qonun qabul qilinib, quyidagi alifbo amalga tatbiq etish uchun tasdiqlangan edi: Aa, Bb, Cc, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, Çç, Ğğ, Ɉɉ, Ññ, Öö, Şş, (ʼ).
Ammo “zamonaviy axborot texnologiyalariga tushmadi” kabi bahonalar bilan 1995-yil may oyida bu alifbodagi ayrim harflarga o‘zgartishlar kiritilib, quyidagi tartibga keltirildi: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, O‘o‘, G‘g‘, Shsh, Chch, Ngng. Qariyb o‘ttiz yildan buyon bu harflarga ko‘zimiz anchagina o‘rganib ham qoldi. Shundan atigi 2 ta harf va 3 ta harflar birikmasining qisman, shaklan o‘zgartirilishi taklifi ilgari surilmoqda, yanada soddaroq qilib aytadigan bo‘lsak, O‘o‘, G‘g‘, Shsh, Chch, Ngng harflari va harflar birikmalarining kompyuter va yozuv texnikalarida qo‘llanishidagi g‘ayriodatiy holatlardan qutilish uchun ularga tuzatish kiritish lozim ko‘rilmoqda.
E’tibor bering: O‘o‘ harfi Ōō shakliga, G‘g‘ harfi Ḡḡ shakliga (bu ikkala harfning yangi ko‘rinishi ularning amaldagi yozma shakllariga yaqinlashtirilgan), Shsh harflar birikmasi Şş shakliga, Chch harflar birikmasi Çç shakliga, Ngng harflar birikmasi Ñň shakliga o‘tkazilishi maqbulligi haqidagi mulohazalar ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lgan aksariyat muhokamalarda, Davlat tilini rivojlantirish departamenti yig‘ilishlarida ma’qullanib, tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi muhokamasiga taqdim etilgan. Bu o‘zgarishlar alifbomizdagi mavjud beshtagina harfning ixchamlashishiga olib kelyapti, ular tashqaridan boshqa biror bir harf bilan almashtirilayotgani yo‘q. Mana shu o‘zgarishlar bilan isloh qilingan va tasdiqlash uchun tavsiya etilgan lotin yozuviga asoslangan yangi alifbomiz quyidagicha nisbatan mukammal ko‘rinish oladi: Aa, Bb, Dd, Ee, Ff, Gg, Hh, Ii, Jj, Kk, Ll, Mm, Nn, Oo, Pp, Qq, Rr, Ss, Tt, Uu, Vv, Xx, Yy, Zz, Ōō, Ḡḡ, Şş, Çç, Ñň. Agar mana shu isloh qilingan alifbo tegishli tasdiqlardan o‘tib, amaliyotga tatbiq etilganda edi alifbo va imloni amalda qo‘llashdagi barcha noqulayliklarga barham berish uchun ham asos bo‘lardi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti ishchi guruhi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti professor-o‘qituvchilari, respublikamizning boshqa bir qator ilmiy va oliy ta’lim muassasalari mutaxassislari, tilimiz jonkuyarlari tomonidan ishlab chiqilgan ushbu taklif juda to‘g‘ri, o‘rinli va tahsinga sazovor ish bo‘lgan.
O‘zgarishlar alifbomizdagi Oo harfi tepasiga qo‘shimcha belgi qo‘yish orqali Ōō harfi, Gg harfi tepasiga belgi qo‘yish orqali Ḡḡ harfi, Nn harfi tepasiga belgi qo‘yish orqali Ñň harfi, Ss harfi pastiga belgi qo‘yish orqali Şş harfi hosil qilinmoqda. Xo‘sh, shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi, taklif etilayotgan Çç harfi uchun qaysi harf asos qilib olindi? Axir alifbomizda bunday harf yo‘q-ku?! Agarda alifbomizga ruscha baynalmilal so‘zlar orqali tilimizga kirib kelgan va o‘zlashib ketgan necha yuzlab so‘zlardagi kirillcha Sts harfi o‘rniga lotincha Ss harfi qabul qilinmayotgan ekan, shu harfning o‘zini hech qanday qo‘shimcha belgi, “dum” qo‘yib o‘tirmasdan, Ch harflar birikmasi o‘rniga qabul qilsak (işonc, cōmic, cumcuq), nima yo‘qotamiz? Yoki Cc harfini ham (Sts o‘rnida) alifbomizga kiritib, unga qo‘shimcha belgi qo‘yib, taklif etilayotganidek Ch o‘rnida Çç shaklida qo‘llasak, alifbomiz yanada mukammal harflarga ega bo‘lmaydimi?!
Ming yillar davomida shakllanib, yuksak taraqqiy topgan ona tilimiz tovushlari orasida o‘ziga xos ohangdorlikka ega bo‘lgan, boshqa tillarda uchramaydigan nodir burun undosh tovushini ifodalash uchun Ñň harfining alifbomiz tarkibiga kiritilishiga qarshi bo‘layotganlar ta’kidlayotganlaridek, uning alifbo tarkibida bo‘lishi savodxonlikka putur yetkazmaydi. Aksincha, kirill alifbosida sakson yildan ko‘proq vaqtdan buyon yo‘l qo‘yib kelinayotgan imloviy xatolar, uslubiy g‘alizliklarga butunlay barham berish uchun xizmat qilishini tilshunos-mutaxassis sifatida qat’iy ta’kidlayman.
Lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosi tarkibiga kiritilayotgan bu o‘zgarishlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatlari, Senat a’zolari tomonidan yakdillik bilan qabul qilinsa, o‘zbek adabiy tilining rivojiga, imlomizning mukammallashuviga, ta’lim-tarbiya samaradorligi hamda savodxonligimizning oshishiga, xullas, barcha sohalarda tubdan yangilanayotgan mustaqil Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga keng yo‘l ochiladi.
Ammo shuni ham unutmaslik kerak, har qanday ziyoli inson savodxon bo‘lishni istar ekan, umri davomida o‘zining yozma va og‘zaki nutqi ravonligini o‘stirish, bilimini oshirish uchun kitob bilan muntazam oshno bo‘lishi kerak. Kirill yozuvi asosidagi alifbodan lotin yozuviga asoslangan alifboga o‘tilishi, bu alifbo asosida tayyorlangan yangi imlo qoidalarining qabul qilinishi, avvalgi va yangi imlo qoidalarida farqli jihatlarning mavjudligi o‘quvchilar va talabalarning, qolaversa, barcha ziyolilarimizning yozma savodxonlik darajasiga ham ma’lum darajada salbiy ta’sir ko‘rsatyapti. Bunday xatoliklar yangi alifbo va imloda nashr etilayotgan ayrim badiiy, ilmiy asarlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalari, uslubiy ishlarda ham ko‘zga tashlanib qolmoqda. Ayniqsa, yangi alifbo va imloda nashr etilayotgan gazeta va jurnallardagi bunday xatoliklar o‘quvchilar va talabalarning, keng kitobxonu mushtariylarning yozma savodxonliklarini oshirishga salbiy ta’sir etmay qolmaydi.
Mardon Boltaev,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti dotsenti.