O‘zbekiston Ekologik partiyasi yetakchisi yomg‘ir suvlaridan foydalanish tizimini joriy etish taklifini bildirdi

Bu yil qishimiz ham, bahorimiz ham qor va yomg‘irlarga boy bo‘lyapti. Bu, albatta, barcha yurtdoshlarimizni, ayniqsa, dehqonlarni xursand qiladi. Ammo bitta muammo bor.

- Muammo shuki, - deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Abdushukur Hamzayev, - yomg‘irning ko‘p yog‘ishi eng katta shaharlarimiz bo‘lgan Toshkent va Samarqand ko‘chalarini suv bilan to‘ldiradi. Afsuski, bu holat har bahorda takrorlanib, juda katta noqulayliklarni yuzaga keltiradi. Shuning uchun mutasaddilar yurtimizning eng yirik va turizm salohiyati yuqori bo‘lgan ushbu shaharlarda dryenaj tizimini yaxshilashga jiddiy e’tibor qaratishlari zarur.

Aslida yomg‘ir-qor suvlaridan samarali foydalanish bugungi kunning zarur yumushi. Masalan, bu suvni ekinlarni sug‘orish, baliqchilik, chorvachilik, maishiy xizmatlar, suzish havzalarini to‘ldirish, qurilish sanoati va boshqa turli xil maqsadlarga yo‘naltirishning imkoniyati bor. Buni quyidagilar bilan asoslaymiz:

birinchidan, yomg‘ir-qor suvlarini qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun ishlatish mumkin. Olimlarning tavsiyalariga ko‘ra, ekinlarni sug‘orish uchun ishlatiladigan suvning muhiti pH o‘rtacha 6,5 dan 8,4 gacha bo‘lishi kerak. Yomg‘ir suvining muhiti pH 5,7-6,5 ga teng, ya’ni neytralga juda yaqin bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda foydalanishimiz mumkin. Shuning uchun ham Suv xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari mamlakatimizdagi yomg‘ir-qor-sel suvlarini to‘playdigan «sel-suv omborlari» tashkil qilish mumkin bo‘lgan hududlarni aniqlash va suv zaxiralarini qilish choralarini ko‘rish kerak.

Ikkinchidan, baliqchilik xo‘jaliklarida foydalaniladigan suvning muhiti pH 5,0 dan 9,0 gacha bo‘lishi kerak. Undan oshsa yoki kamaysa baliqlar nobud bo‘ladi. Demak, yog‘in suvlarini baliqchilikka ham bemalol qo‘llash mumkin.

Uchinchidan, shu davrgacha ham chorvadorlarimiz chorva mollarini yomg‘ir suvidan hosil bo‘lgan ko‘lmaklar orqali sug‘orishgan. Yog‘in suvlari chorva mollari uchun xavfsiz va undan bemalol foydalanish mumkin.

To‘rtinchidan, suzish havzalarida suv muhiti pH 5,2-7,8 gacha, umumiy ishqoriyligi 60 mg/l dan 150 mg/l gacha, umumiy qattiqligi va loyqaligi 150 mg/l dan 1000 mg/l gacha bo‘lishi kerak. Yomg‘ir suvidan olingan namunalarda esa umumiy ishqoriylik ko‘rsatkichlari 24 mg/l dan 36 mg/l gacha o‘zgarib turadi. Demak, tindirilgandan so‘ng yomg‘ir-qor suvlari bilan suzish havzalarini ham to‘ldirish mumkin.

Beshinchidan, qurilish maydonlari uchun suv standartlari - temir-beton qorishmalari uchun 500 mg/l va oddiy beton qorishmasi uchun 2000 mg/l xlorid konsentratsiyasini talab qiladi. Yomg‘ir suvida esa xlorid qiymatlari nolga teng. Demak, yog‘in suvlari qurilish maqsadlari uchun mutlaqo xavfsiz.

Oltinchidan, filtrlangan va tozalangan yomg‘ir suvini sovutish tizimlarida, turli sanoat ishlab chiqarish jarayonlarida, sanitar-maishiy xizmat (hojatxonalar, yuvinish, avtomobillarni yuvish, kirlarni yuvish va h.k)larda to‘liq foydalanishimiz mumkin. Bu esa yirik shaharlarimizda toza ichimlik suvining isrofini keskin kamaytirishga olib keladi.

Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand, Namangan kabi yirik shaharlarda yomg‘ir suvini yig‘ish orqali har yili kuzatiladigan «shahar suv toshqinlari»ning oldini olish, tuproq eroziyasini to‘xtatish va suv havzalarining ifloslanishini kamaytirish imkoni tug‘iladi. Buning uchun yuqorida tavsiya etilgan yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlarini o‘rganish va joriy etish zarur.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi tegishli soha mutasaddilardan ushbu masalani bee’tibor qoldirmaslikka chaqiradi. Zero, bizni kelajakda suv taqchilligi bilan bog‘liq jiddiy muammolar kutib turibdi. Bu kabi texnologiyalarni tezroq o‘zlashtirish va joriy etish talab etiladi. Bu bilan biz toza ichimlik suvini tejashga katta qadam tashlagan bo‘lamiz.