"Qurbonlik–2021” tadbiri doirasida 713,2 million so‘mlik ehson qilindi

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda "Vaqf" xayriya jamoat fondi axborot xizmati rahbari Saidabror Umarov Qurbon hayiti bayrami kunlari amalga oshirilgan xayriya tadbirlari haqida ma’lumot berdi.

“Qurbonlik–2021” tadbirlari rejasiga asosan joriy yilning 20, 21 va 22 iyul kunlari “Vaqf” fondining barcha hududiy filiallari tomonidan xayriya tadbirlari tashkil etildi.

“Vaqf” fondining markaziy apparati tomonidan Toshkent shahridagi 21 va 23-sonli Mehribonlik  uylarining tarbiyalanuvchilariga jami

11 326 000 so‘mlik 280 dona bayram sovg‘asi xayriya qilindi.

“Vaqf” fondi tomonidan homiylar va hamkorlarni jalb etgan holda 504 million so‘m mablag‘ ajratildi va ushbu mablag‘ hisobidan respublika bo‘ylab jami 36 dona qoramol qurbonlik qilinib, 7545 kilogramm go‘sht ulashildi. Shuningdek, fondning hududiy filiallari tashabbusi bilan homiylarni jalb qilgan holda 2 bosh qoramol va 35 bosh qo‘y qurbonlik qilinib, 1716 kilogramm go‘sht tarqatildi. Qurbon hayiti munosabati bilan filiallar tomonidan jalb qilgan xayriyalar, jumladan qurbonliklar va oziq-ovqat mahsulotlari miqdori jami 197 938 000 so‘mni tashkil etdi. 

Umumiy hisobda “Vaqf” fondi hamda uning hududiy filiallari tomonidan respublika bo‘yicha 38 bosh qoramol va 35 bosh qo‘y so‘yilib, nochor, ijtimoiy ko‘makka muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bor bo‘lgan va bemor hamyurtlarimiz uchun jami 9216 kilogramm qurbonlik go‘shti xayriya qilindi.

Tadbirlar davomida respublika miqyosida 4167 nafar kam ta’minlangan oila, boquvchisini yo‘qotgan va yolg‘iz keksa fuqarolarga jami 644 455 297 so‘mlik hamda 23 ta “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida istiqomat qiluvchi hamyurtlarimizga 68 808 623 so‘mlik ehson, umumiy hisobda “Qurbonlik–2021” tadbiri doirasida 713 264 000 so‘mlik ehsonlar qilindi.