Rangli metallarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan rangli metall parchalari va chiqindilarni noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida 2018 yil va 2019 yilning o‘tgan davri davomida umumiy qiymati 43,4 million so‘mlik 8778 kilogramm rangli metall parchalari va chiqindilari ashyoviy dalil sifatida ushlab qolingan.
Xususan, Samarqand tumani “Istiqlol” ko‘chasida yashovchi fuqaro U.D. tomonidan rangli metall parchalari va chiqindilarni oldi-sotdisi bilan shug‘ullanayotganida qo‘lga olingan. Uning xonadonidan umumiy qiymati 2,1 mln. so‘mlik 380 kg. rangli metall parchalari va chiqindilari saqlanayotganligi aniqlangan. Hozirda fuqaro qilmishi uchun qonun oldida belgilangan tartibda javob bermoqda.
Qonunbuzarlik uchun jazo muqarrar. Shu o‘rinda yana bir bor qonunchilikdan bexabar fuqarolarga eslatib o‘tmoqchimiz.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ya’ni Vazirlar Mahkamasining 2017 yil18 oktyabrdagi “Rangli metall parchalari va chiqindilarini to‘plash, topshirish hamda qayta ishlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi hududida rangli metall parchalari va chiqindilarini faqat «O‘zikkilamchiranglimetall» AJ tayyorlashi va qabul qilishi belgilab qo‘yilgan.
Unutmang, qonunni bilmaslik javobgarlikdan xalos etmaydi. Rangli metallar, ularning parcha va rezgi-chiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni o‘tkazish qoidalarini buzish amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi
Axborot xizmati.