Samarqandda 46,5 ming gektardan ortiq lalmi va yaylov yer foydalanishga kiritiladi
Prezidentimiz 2026 yil 8 may kuni “Lalmi va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritishni rag‘batlantirishning yangi mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmon qabul qildi.
Mazkur farmon bilan lalmikor va yaylov yer maydonlaridan samarali foydalanish, foydalanilmayotgan yerlarni qishloq xo‘jaligi aylanmasiga kiritish hamda ularning meliorativ holatini yaxshilash to‘g‘risidagi vazifalar ijrosi doirasida viloyat tumanlarida 2026-2030 yillarda lalmikor va yaylov yer uchastkalarini foydalanishga kiritish bo‘yicha reja-grafik ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, 2026-2030 yillarda viloyat bo‘yicha jami 46 ming 752 gektar lalmikor va yaylov yer maydonlarini foydalanishga kiritish belgilangan. Shundan 16 ming 752 gektar yangi o‘zlashtirish va 30 ming gektar yerning holatini tiklash hisobiga amalga oshiriladi.
Hududlar kesimida oladigan bo‘lsak, Nurobod tumanida - 17 966 gektar, Urgutda - 11 473 gektar, Paxtachida - 7202 gektar, Payariqda - 6993 gektar, Kattaqo‘rg‘onda - 1590 gektar, Qo‘shrabotda - 1155 gektar, Narpayda - 373 gektar yer maydonini foydalanishga kiritish rejalashtirilgan. Rejaga asosan, 2026 yilda 20 352 gektar, 2027 yilda 3600 gektar, 2028 yilda 5400 gektar, 2029 yilda 6600 gektar hamda 2030 yilda 7500 gektar yer maydonini foydalanishga kiritish belgilangan.
Ushbu tadbirlar natijasida foydalanilmayotgan yer maydonlaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish hamda yaylov va lalmikor yerlarning unumdorligini tiklashga erishiladi.
Iskandar Qodirov,
viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.