Samarqandda insofsiz raqobat aniqlandi(mi?)

Aksariyat hollarda tadbirkorlar biznesini tezroq yo‘lga qo‘yish, ko‘proq daromad olish maqsadida bozorda xaridorgir bo‘lgan mashhur firmalarning mahsulotlariga aynan o‘xshash bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishi oqibatida insofsiz raqobatga qo‘l uradi.
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan ana shunday qonunbuzarliklar aniqlandi.
Jumladan, Rossiyaning “MAKFA” aksiyadorlik jamiyatining murojaati qilishicha, “MAKFA” tovar belgisi uchun 2002 yil 25 dekabrda xalqaro guvohnoma olingan va ushbu tovar belgisidan Samarqand shahridagi “SAM MAKFA FOODS” mas’uliyati cheklangan jamiyati noqonuniy foydalanib, nohalol raqobat qilgan.
O‘rganish natijasiga ko‘ra, “SAM MAKFA FOODS” MChJ tomonidan “GRANA” tovar belgisi ostida chiqarilayotgan makaron mahsuloti qadog‘ining umumiy ko‘rinishi “MAKFA” tovar belgisiga adashtirib yuborish darajasida o‘xshashi hamda firma nomida “MAKFA” so‘zining ishlatilganligi oqibatida “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasi talablari buzilgan.
“SAM MAKFA FOODS” MChJ tomonidan qonun buzilish holati ixtiyoriy ravishda bartaraf etilib, firma nomi “SAM FOODS” MChJga o‘zgartirilgan va “GRANA” tovar belgisi ostida chiqarilayotgan makaron mahsuloti qadog‘ining umumiy ko‘rinishi o‘zgartirilgan.
Shuningdek, Shvetsariyaning “Societe des Produits Nestle S.A” kompaniyasi vakili Samarqand shahridagi “AGRO BRAVO” MChJ tomonidan kompaniyaga tegishli “48 kopeyek” tovar belgisidan foydalanib, muzqaymoq ishlab chiqarilishi natijasida insofsiz raqobatga yo‘l qo‘yilayotganligi to‘g‘risida murojaat qilgan.
Murojaatda keltirilgan holatlar o‘rganilganda, “AGRO BRAVO” MChJ tomonidan 2016 yildan, “Societe des Produits Nestle S.A” kompaniyasi O‘zbekistonga kirmasidan avval qayd qilingan tovar belgisi bilan muzqaymoq ishlab chiqarilgan. Shuningdek, “AGRO BRAVO” MChJga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan “48 kopeyek” tovar belgisi uchun 2018 yil 25 oktyabrda MGU 34572-raqamli guvohnoma berilgan. “Societe des Produits Nestle S.A” kompaniyasi tomonidan “48 kopeyek” tovar belgisining himoyasi uchun Intellektual mulk agentligiga 2018 yil sentyabr oyida talabnoma berilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Societe des Produits Nestle S.A” kompaniyasining murojaatida keltirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topmadi va “AGRO BRAVO” MChJning “48 kopeyek” tovar belgili mahsulotining himoyasi ta’minlandi.
O.TO‘RAYeV
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi
Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.