Samarqandda V Respublika “Yoshlar forumi”ga start berildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida an’anaviy V Respublika “Yoshlar forumi” tashkil etildi.
Unda universitetning Nukus va Toshkent filiallari, texnikumlar, akademik litsey talaba va o‘quvchilari hamda mahalla yoshlari qatnashdi.
Yoshlar forumi doirasida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari, “Talabalar teatr studiyasi”, “Zakovat” intellektual o‘yini hamda startap loyihalar tanlovi, shaxmat bo‘yicha “Qo‘mita raisi kubogi”, stol tennisi bo‘yicha “Rektor kubogi”, voleybol bo‘yicha “Hokim kubogi” va futbol bo‘yicha “Vazir kubogi” musobaqalari uyushtirildi. Shuningdek, fakultetlararo “Ibratli kelin” ko‘rik tanlovi, milliy qadriyatlar sayli doirasida milliy qadriyatlar ko‘rgazmasi, o‘zbek milliy o‘yinlari, milliy taomlar ko‘rgazmasi, rasmlar tanlovi, kitobxonlik va insholar tanlovlari tashkil etildi.
Forum doirasida mazkur universitet va uning filiallaridan kelgan talabalar o‘rtasida veterinariya sohasida o‘nta fandan fan olimpiadasi uyushtirildi.
Bundan tashqari, bitiruvchilar bandligini ta’minlash maqsadida “Karera kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda 51 ta korxona va tashkilot 800 ga yaqin ish o‘rinlari bilan qatnashdi hamda 370 dan ortiq bitiruvchi bilan ishga joylashish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
- Universitetni 2025-2026 o‘quv yilida jami 1254 nafar talaba bitiradi, - dedi universitet rektori, professor Xudoynazar Yunusov. – Ulardan o‘zini o‘zi band qilgan 77 nafar bitiruvchiga “Kelajakka qadam” dasturi doirasida "Milliy bank"dan 1 milliard 120 million so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar olishga ko‘maklashdik.
Tadbirda" Milliy bank" AJ Samarqand viloyati rahbari Otabek Umarov 810 million so‘mlik imtiyozli kreditlarni olishga erishgan bitiruvchilarga sertifikatlar topshirdi.
- Men bugun 100 million so‘mlik sertifikatga ega bo‘ldim, - dedi universitetning bitiruvchi kurs talabasi Azizbek Farhodov. – O‘zim Payariq tumanidanman. Tumanda veterinar dorixonasi ochish bo‘yicha biznes-loyiha qilgandim. Universitet ko‘magida bankdan imtiyozli kredit oldim. Kelajakda ushbu veterinar dorixonasini yanada kengaytirish va aholiga sifatli xizmat qilishni maqsad qilyapman.
Forumda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi fan va ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Alisher Safarov, viloyat hokimining o‘rinbosari Husan To‘xtayev va boshqa mas’ullar ishtirok etdi.
Forum ertaga ham davom etadi.
Xurshida Ernazarova.