Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sel oqibatlari bartaraf etilmoqda

Boshqarma ma’lumotlariga qaraganda, mazkur mahallalardagi 71 xonadondagi uy-joylar, qo‘shimcha binolar va tomorqalarga zarar yetgan, hududdagi to‘rtta ko‘prik ta’mirga muhtoj holatga kelgan. Yuzaga kelgan talafotlarga Jom soyi o‘zani atrofida aholi tomonidan o‘zboshimchalik bilan bino va inshootlarning qurib olinishi, sel yo‘lida dehqonchilik mahsulotlari ekilgani sabab bo‘lgan. Ya’ni, qishloqning yuqori qismidan boshlangan sel oqimi soy bo‘yidagi daraxt shoxlari, yog‘och bo‘laklarini oqizib, ko‘priklar ostiga tiqilgan va suvning ko‘prik ustidan oqib o‘tishiga hamda soyga yaqin bo‘lgan aholi xonadonlari va tomorqalarini suv bosishiga olib kelgan.

Voqea sodir bo‘lgan kuniyoq sel talafotlarini bartaraf etish, keltirilgan zararni aniqlash bo‘yicha tezkor shtab tashkil etildi. Viloyat favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, veterinariya boshqarmalari, arxitektura va qurilish nazorat inspeksiyasi, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi, Nurobod tumani hokimligi mutaxassislaridan iborat 5 ta ishchi guruhi tuzildi. Sel bilan bog‘liq favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlariga favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 50 nafar shaxsiy tarkibi, Markaziy harbiy okrugning 350 nafar harbiy xizmatchilari va texnikalari jalb etildi.

Epidemiologiya va epizootik barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha viloyat va tuman DSENMning 52 nafar, veterinariya xizmatining 11 nafar mutaxassislari tomonidan xonadonlarda sanitariya va veterinariya ko‘riklari o‘tkazildi, 179 ta molxona, hojatxonalar, 27 ta quduqda zararsizlantirish ishlari amalga oshirildi. Jomsoy arig‘ining 12 nuqtasidan laboratoriya tahlili uchun suv namunalari olindi. Selda nobud bo‘lgan 44 bosh mayda va yirik shoxli chorva mollari va boshqa uy hayvonlari yo‘q qilindi.

Viloyat hokimligi, korxonalar, muassasalar hamda homiy tashkilotlar tomonidan tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan xonadonlarga 30 tonnaga yaqin oziq-ovqat mahsulotlari, 2000 dona kiyim-kechak, 500 dan ziyod ko‘rpa-to‘shak, yostiq, choyshablar, dori-darmon, ro‘zg‘or buyumlari, kir yuvish vositalari tarqatildi.

O‘rganishlar jarayonida, aholi bilan o‘tkazilgan suhbatlar mobaynida sel toshqinidan shikastlangan yoki bedarak yo‘qolganlar aniqlanmagan.

***

Viloyat hokimligi, xalq ta’limi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim boshqarmalari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari Jom, Girdiqo‘rg‘on mahallalaridagi seldan talafot ko‘rgan xonadon sohiblariga oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-ro‘zg‘or buyumlarini insonparvarlik yordami sifatida tarqatishdi.

Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov ishtirok etdi.

Abdug‘ofur BAXTIYoROV.