“Seriallarni oila davrasida ko‘rib bo‘lmay qoldi...”

Yaqinda saytimizda “Milliy seriallar ma’naviyatimiz uchun malhammi yoki zahar?” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilindi. Unda xususan, “milliy” brendi ostida chiqayotgan aksariyat serial va kinolarning saviyasi pastligi, ularda ma’naviyatsizlik, fahsh va boqibeg‘am hayot tarzi targ‘ib qilinayotgani tanqid ostiga olingan edi.
Aytish joizki, ayni mavzu mushtariylarimiz orasida ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Kimdir ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda, boshqalar qo‘ng‘iroq qilib muammo yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola qilishni lozim deb bildik.
Matnlar ma’nosi o‘zgartirilmagan holda tahrir qilingan.
Nurbek XUDOYoROV:
- Oila davrasida ko‘rib bo‘lmaydi seriallarimizni. Asabni buzadi, odamlarning, yoshlarning ongini zaharlaydi. Kimdir televideniyega berilayotgan kino va seriallarni nazorat qilishi kerak emasmi? Ulardagi turk seriallari ham xuddi shunday mazmunda - birining xotini boshqasi bilan "yuradi", ikkinchisining farzandi eridan emas. Bora-bora bu illatlar ham biz uchun oddiy holga aylanmoqda.
“MDM” nikli kuzatuvchi:
- O‘g‘lim maktabda 3-sinflarga dars beradi. O‘quvchilaridan “Kelajakda kim bo‘lasizlar?”, deb so‘ragan ekan, qizlarning hammasi salonchi, tirnoq bo‘yagich singari kasblarni aytibdi. Ulardan biri “Katta bo‘lsam, men ham labimni botiks qildiraman”, degan emish. Yo tavba, qayoqqa qarab ketyabmiz?
Komila KOMILOVA, pastdarg‘omlik kuzatuvchi:
- Seriallarni hayotiy voqealarga asoslangan, deyishadi. Amalda bunday emas. Oddiy maishiy muammolarni bu qadar bo‘rttirib, xalqimizni yomon qiyofada ko‘rsatish kerakmikan? Saviya masalasiga kelsak, ularda rol ijro etayotgan aktyor-u aktrisalarda mahorat yo‘q. Xususan, aktrisalarga faqat tashqi go‘zalligi uchun rol berishgan, degan fikr paydo bo‘ladi... Oilalarimiz uchun ulardan nima naf? Serial kimlarningdir “reklama”si uchun xizmat qilmasligi kerak.
Farog‘at ShODIYoROVNA:
- Seriallar haqida gap ketganda milliy seriallarni chet el seriallariga qiyoslash boshlanadi. Bu noto‘g‘ri. Xorijliklarning mentaliteti, yurish-turish me’yorlari boshqa. O‘zimizning seriallar xalqimizga mos bo‘lishi kerak. Hozir ular faqat asabni buzadi.
“Hijron” nomli o‘zbek seriali berilayotgan ekan, erinmay bir hafta tomosha qildim. Mazmuniga ko‘ra, undagi 4-5 nafar dugona ikkinchi xotin emish, yana ularning ersiz dugonalari shu ikkinchi xotin bo‘lgan dugonalarining erlarini “ovlash” bilan ovora. Oilalarni buzadigan, qarindoshlarni bir-biridan ajratadigan serial-ku bu.
Ilgari yaxshi seriallar olingan. Masalan, “Bobur”, “Shaytanat”, “Zanjir”, “Ko‘ngil ko‘chalari”, “Charxpalak”, “Jiyda guli”ni tomosha qilish uchun intiq bo‘lardik. Hozirgilari talabga javob bermaydi.
Sardor:
- Madaniyat yo‘q, fahsh targ‘ib qilinmoqda. Umuman serial ko‘rib bo‘lmay qoldi. Shularni tasvirga olayotgan rejissyorlarning hammasini qaytadan tarbiyalash kerak.
Komron QURBONBOYeV, surxondaryolik kuzatuvchi:
- Maqola bilan tanishib, unda muammoga oid ba’zi masalalar tilga olinmay qolganini payqadim. Masalan, zo‘ravonlik. Shaxsan men, kino va seriallarimizdagi zo‘ravonlik aks etgan lavhalar yoshlarda mushtumzo‘rlikka havas uyg‘otadi, degan fikrdaman. Ularda jinoyat qilish va qonuniy jazodan qochish bo‘yicha “master-klass” o‘tilmayaptimi? Qaysi serialni ko‘rmang, mushtumzo‘rlar zo‘r yashaydi, qonunga itoat qilgan, vijdonini sotmaganlar esa hokisor. Bu g‘oyalar jamiyatimizga zarar yetkazadi.
Sadoqat OQILOVA:
- Seriallar yomon, farzandlarimizning ongini buzyapti, deb aytaveramiz. Ko‘rmanglar shu serialni. Farzandlaringizni ham nazorat qiling.
Masalan, men umuman serial ko‘rmayman. Chunki hech qanday foydasi yo‘q ularning. Bolalarimga ham ruxsat bermayman. Bo‘sh vaqtimda kino ko‘rishim mumkindir, unda ham faqat jahon kinolarini.
Asqar BAROTOV.