Sug‘oriladigan yerda sanoat va fuqarolik ob’yektlari qurish uchun faqat Prezident farmoni bilan ruxsat etiladi

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda sug‘oriladigan yerlar

3 million 300 ming gektarni tashkil qiladi. Aholi soni va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj ortayotgani bu borada yangicha ishlashni taqozo qilmoqda. Negaki, bizda sug‘oriladigan yerlarni kengaytirish uchun suv resurslari cheklangan.

Shundan kelib chiqib, 2019 yil 17 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Qishloq xo‘jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi

PF-5742-sonli farmoni qabul qilindi. Farmonda yillar davomida irrigatsiya va melioratsiya holati yomonlashuvi natijasida foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni bosqichma-bosqich qayta foydalanishga kiritish, yer osti suv zaxiralaridan samarali foydalanish choralari ko‘rish belgilangan.

Bundan tashqari, farmonga ko‘ra, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablag‘larning bozor qiymati va olib qo‘yish sababli yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan so‘ngina ruxsat etiladi. Ushbu yer maydonlarida barpo etiladigan infratuzilma ob’yektlarini (dala shiypon, mahsulotlar saqlanadigan omborxonalar, sug‘orish inshootlari va boshqalar) joylashtirishga ruxsat berilishi, yerdan foydalanuvchilarning ehtiyojlari uchun olib kelinadigan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom-ashyo, materiallar, texnika, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda bojxona to‘lovlari (qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari) to‘lashdan ozod qilindi.

Shuningdek, investitsiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitimda nazarda tutilgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni foydalanishga kiritish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi, lekin bazaviy hisoblash miqdorining

50 barobaridan oshmagan qismi qoplab berilishi nazarda tutilgan. Ushbu holatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yerlarning suv ta’minoti tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish uchun jalb etilgan kreditlarning bir gektar hisobiga 40 million so‘mdan oshmaydigan qismiga tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 5 foizlik punkti qoplab berilishi kabi yangi qoidalar kiritildi.

Farmonga muvofiq, sug‘oriladigan qishloq xo‘jaligi yerlari maxsus muhofazaga olinib, ushbu yerlarni qishloq xo‘jaligidan boshqa maqsadlarda, shu jumladan sanoat va fuqarolik ob’yektlari (binolar va inshootlar) qurilishi uchun ajratilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, buning uchun faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan ajratilishi tartibi joriy qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda farmon mamlakatimizda yer resurslaridan samarali foydalanish borasida yangicha ish tizimini joriy qilib, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga xizmat qiladi.

Bahodir QARShIYeV,

viloyat hokimligi yuridik xizmati bosh yuriskonsulti.