Tadbirkorlik faoliyati - Konstitutsiya himoyasida

Yashirib nima qildik, siyosiy atamalar, huquqiy terminlar haqida gap ketganda o‘ta rasmiy tilda fikr yuritiladi. Shu sababli odamlarimiz bu haqda gapirsang ensalari qotishi ham bor gap.

Vaholanki, huquqqa oid har bir tushuncha real hayotimiz bilan bog‘liq. Kundalik hayotimiz, turish-turmushimiz muayyan qoidalarga asoslanadi. Ammo aksariyat kishilarning bu borada yetarlicha bilim va ko‘nikmaga ega emasligi sababli ko‘pincha hayotda og‘ir vaziyatlarga tushib qoladi yoki kimningdir yordamiga muhtoj bo‘ladi.

Xususan, Konstitutsiya haqida ham shunday fikr bildirish mumkin. Barcha qonun va qoidalarga asos bo‘ladigan bu hujjatning mohiyati haqida afsuski barcha birdek tushunchaga ega emas. Aslida Asosiy qonunimiz jamiyat hayoti, shu jumladan, har bir fuqaroning turmush tarzida muhim ahamiyatga ega.

Bu hujjat haqida so‘z yuritishdan avval “Konstitutsiya o‘zi nima?” degan savolga javob berish maqsadga muvofiq. Lotincha “Constitution” – tuzilish, tuzuk so‘zidan olingan Konstitutsiya davlatning Asosiy qonuni degan ma’noni bildiradi.

Tarixga nazar solsak, uzoq o‘tmishga ega davlatchiligimizda mustaqillikkacha ham mukammal huquqiy hujjatlar yaratilganligiga guvoh bo‘lamiz. Misol uchun, Amir Temur tomonidan konstitutsion kodekslar jamlanmasi yaratilgan. “Temur tuzuklari”ni o‘rgangan mashhur rus sharqshunos olimi Logofet yurtimizda Yevropadan 500-600 yil avval konstitutsiya yaratilganini e’tirof etgan.

Umuman, sharqshunos olimlar “Temur tuzuklari” konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega ekanligini ta’kidlab, Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shganligini qayd etishgan.

O‘zbekiston o‘z mustaqilligini e’lon qilgan sanadan e’tiboran dunyo sahnida yangi, suveren davlat qaror topgan bo‘lsa, Konstitutsiyamiz qabul qilingan kun – 1992 yil 8 dekabrda davlatimiz yangidan tug‘ildi, mustaqilligimizga mustahkam huquqiy poydevor qo‘yildi. Ya’ni, mustaqil O‘zbekistonning Konstitutsiyasi yangi mustaqil jamiyatning ishonchli huquqiy kafolatlarini shakllantirdi va mustahkamladi.

Konstitutsiyaning 53-moddasida, bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlashi belgilangan.

Konstitutsiya normalaridan kelib chiqib, o‘tgan davr mobaynida bu borada bir qancha qonun va qonun osti hujjatlari qabul qilindi, ularni yanada soddalashtirish maqsadida amaldagi qonunlarga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni va ular faoliyatiga ruxsatnomalar berish tartib-taomillari qisqartirilib, faoliyat yuritishning huquqiy asoslari ancha soddalashtirildi. Bularning barchasi ishbilarmonlar, investorlar va xalqaro moliya institutlarining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga ishonchi mustahkamlanishiga olib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi Farmonni imzoladi.

Hujjatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari, Qurilish vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi va boshqa vakolatli davlat organlari rahbarlari Konstitutsiyaning xususiy mulkning daxlsizligi, iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini ta’minlash, tajovuzlardan himoya qilish, xususiy mulkni saqlash va yanada ko‘paytirish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risidagi normalarini so‘zsiz ijro etish va ularga qat’iy rioya qilish bo‘yicha shaxsan javobgar ekanligi to‘g‘risida ogohlantirildi.

2019 yil 1 oktyabrdan boshlab tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari respublikaning barcha hududlarida faqat “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali taqdim etilishi tartibi ham belgilandi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimida aniq investitsiya majburiyatlari bilan birga yer uchastkasi va rejalashtirilayotgan qurilish maydonchasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keyinchalik ularni elektron onlayn-auksionga qo‘yish masalasini belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun joylashtirish to‘g‘risida takliflar kiritish huquqi berildi.

Ayni vaqtda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohasida normativ-huquqiy hujjatlar bazasini va tartibga solish jarayonlarini takomillashtirishga, qulay biznes muhitini, xalqaro maydonda mamlakatning ijobiy nufuzini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Amalga oshirilayotgan bu islohotlar, keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari, huquqiy demokratik davlat, adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida erishayotgan barcha yutuqlarimiz hamda xalqimiz turmush farovonligi ortib borayotganligi zamirida Konstitutsiyamizda belgilab berilgan qoida va haq-huquqlarning o‘rni beqiyos.

Nuriya NORMATOVA,

Samarqand viloyati hokimligi yuridik xizmati rahbari.